Markaziy bank boshqaruvi 29-iyuldagi yig‘ilishda asosiy stavkani pasaytirish variantini ko‘rib chiqmadi. Bu haqda regulyatorning pul-kredit siyosati departamenti rahbari Samig‘jon Inog‘amov shu kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Spot muxbirining savoliga javoban ma’lum qildi.
Uning aytishicha, bugungi yig‘ilishda faqat asosiy stavkani amaldagi 14% darajasida saqlab qolish taklifi muhokama qilingan. Bunga yaqin choraklarda inflyatsiyani oshiruvchi omillar va xatarlarning ustuvor bo‘lib qolayotgani sabab bo‘lgan. U 2025-yil mart oyidan buyon shu darajada saqlanib qolmoqda.
“Umuman, xatarlar balansiga nazar soladigan bo‘lsak, shundan kelib chiqib, faqat [asosiy stavkani hozirgi darajasida] saqlab qolish taklifi muhokamada bo‘ldi”, — dedi Inog‘amov.
Markaziy bank departamenti rahbariga ko‘ra, kelgusida stavkani pasaytirish imkoniyati bir nechta asosiy omillarga bog‘liq bo‘ladi.
Regulyator birinchi navbatda bazaviy inflyatsiya dinamikasiga e’tibor qaratadi. Hozirda u 5,7% darajasida bo‘lib, yil boshidan buyon deyarli o‘zgarishsiz qolmoqda. Inflyatsiyaning 5% lik maqsadli darajasiga erishish uchun esa bazaviy inflyatsiya pasayish tendensiyasiga o‘tishi zarur.
Shuningdek, inflyatsion kutilmalarning barqaror pasayishi ham muhim shartlardan biri hisoblanadi. So‘nggi oylarda ular pasayayotgan bo‘lsa-da, bu jarayon kutilgan sur’atlarda kechmayapti. Markaziy bank inflyatsion kutilmalar yanada yuqori darajada pasayishini va umumiy inflyatsiya darajasiga yaqinlashishini muhim omil sifatida ko‘rmoqda.
Inog‘amovning ta’kidlashicha, regulyator inflyatsiya prognoziga ham alohida e’tibor qaratadi.
“Bunda kelgusi choraklarda kutilayotgan xatarlar va boshqa omillarni inobatga olganda, inflyatsiyaning ko‘zlangan target darajasiga o‘z vaqtida yetib kelishiga xatarlar bo‘lmasa, shu omillardan kelib chiqib, [stavkani] pasaytirish tomonga qayta ko‘rib chiqishimiz mumkin bo‘ladi”, — deya xulosa qildi u.
Avvalroq Spot sanksiyalar ortidan Zolotaya Korona orqali O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari yangi operatorga o‘tkazilishi haqida yozgan edi.