Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani yillik 14% darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi.

Regulyator matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, so‘nggi oylarda inflyatsiyaning pasayish sur’ati sekinlashgan. Ayrim taklif omillari hamda tashqi iqtisodiy sharoitlar ta’sirida narxlarga bosimlar saqlanib qolmoqda. Ichki talabning yuqori sur’atlarda o‘sishi davom etmoqda.

“Markaziy bank boshqaruvi yuqori ichki talab, energiya tariflari o‘zgarishining ikkilamchi ta’sirlari hamda tashqi iqtisodiy muhitdagi noaniqliklar sharoitida inflyatsiyani 5% lik maqsadli darajasiga erishishi uchun qat’iy pul-kredit sharoitlarini davom ettirishni zarur deb topdi”, — deyiladi xabarda.

Iyun oyida yillik inflyatsiya 6,4% ni tashkil etgan bo‘lib, bunga asosan energiya tariflarining oshirilishi va ko‘mir narxlarining erkinlashtirilishi ta’sir ko‘rsatgan. Bazaviy inflyatsiya esa 5,7% darajasida deyarli o‘zgarmagan.

Shu bilan birga, ikkinchi yarim yillikda tartibga solinadigan narxlar oshishining ikkilamchi ta’siri inflyatsiyaning barqaror tarkibiy qismlarida ham namoyon bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.

Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari pasaygan. Iyun oyida aholining inflyatsion kutilmalari 10,1% ni, tadbirkorlarniki esa 9,9% ni tashkil etdi. Biroq narxi 5% dan yuqori oshgan tovar va xizmatlar ulushining ortishi hamda bazaviy inflyatsiyaning pasayishdan to‘xtagani iqtisodiyotda inflyatsion bosimlar hanuz saqlanayotganini ko‘rsatmoqda.

Markaziy bank 2026-yil yakunlari bo‘yicha umumiy inflyatsiya prognozini 6,5% darajasida saqlab qoldi.

Iqtisodiy faollik yuqori darajada qolmoqda. Joriy yilning birinchi yarmida O‘zbekiston yalpi ichki mahsuloti real hisobda 8,5% ga o‘sdi. Chakana savdo va xizmatlar sohasidagi yuqori o‘sish iste’mol faolligini, investitsiyalar dinamikasi esa investitsion talabning kuchliligini aks ettirmoqda.

Markaziy bank mamlakatga jalb qilinayotgan investitsiyalar, jumladan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining o‘sishi hamda yilning ikkinchi yarmida kutilayotgan fiskal xarajatlar iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlashini kutmoqda. 2026-yil yakunida iqtisodiy o‘sish 7,5−8% atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Regulyator tashqi xatarlar ham saqlanib qolayotganiga e’tibor qaratdi. Geosiyosiy ziddiyatlar fonida oziq-ovqat va xomashyo narxlarining oshishi, savdo hamkor mamlakatlardagi yoqilg‘i ta’minoti bilan bog‘liq uzilishlar hamda logistika va tashish xarajatlarining ortishi import narxlari orqali ichki inflyatsiyaga qo‘shimcha bosim yaratishi mumkin.

Shuningdek, global inflyatsiyaning pasayish jarayoni vaqtinchalik to‘xtashi va qator mamlakatlarda pul-kredit siyosatining qat’iylashtirilishi tashqi moliyaviy sharoitlarning avval kutilganidan uzoqroq muddat qat’iy bo‘lishi ehtimolini oshirmoqda. “Bu esa tashqi moliyalashtirish sharoitlari bo‘yicha noaniqliklarni saqlab qolmoqda”, — deyiladi xabarda.

Iqtisodiyotda real ijobiy foiz stavkalari aholining jamg‘arishga bo‘lgan moyilligini qo‘llab-quvvatlashga hamda kreditlash sur’atlarining mo‘tadillashuviga xizmat qilishi qayd etildi.

Markaziy bank joriy pul-kredit sharoitlari iqtisodiyotdagi yuqori talab fonida inflyatsion bosimlarni cheklash va tarif o‘zgarishlarining ikkilamchi ta’sirlarini jilovlash uchun yetarli darajada qat’iy deb baholamoqda. Shu bois, asosiy stavkani yillik 14% darajasida saqlab qolish inflyatsiyani target darajasigacha barqaror pasaytirish va inflyatsion kutilmalarni jilovlash imkonini beradi.

Avvalroq Spot Markaziy bank valyuta intervensiyalari strategiyasini ishlab chiqishi va xedjirlash tizimini joriy etishi haqida yozgan edi.