Seul shahriga tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev birinchi Markaziy Osiyo — Koreya Respublikasi biznes sammitida ishtirok etdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda Janubiy Koreya prezidenti Li Chje Myon, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon hamda Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov ham qatnashdi.
O‘zbekiston yetakchisi hamkorlikni mamlakatlar salohiyatining bir-birini to‘ldirishi tamoyili asosida yo‘lga qo‘yishni taklif etdi. Bunda koreys kompaniyalari Markaziy Osiyoni 80 milliondan ortiq aholiga, o‘sib borayotgan talabga hamda katta resurs, energetika va inson salohiyatiga ega yagona imkoniyatlar makoni sifatida qabul qilishi muhimligi ta‘kidlandi.
Har bir mamlakatning xomashyo bazasidan kelib chiqib, Markaziy Osiyoda sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va to‘liq ishlab chiqarish zanjirlarini yaratishga alohida e‘tibor qaratildi. Masalan, O‘zbekistonning mineral-xomashyo bazasi kamida $3 trlnga baholanmoqda.
Muhim minerallar sohasida yaqin yillarda umumiy qiymati $4 mlrddan ortiq bo‘lgan 120 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan.
Mintaqaning resurs bazasini Koreyaning moliyaviy va texnologik imkoniyatlari bilan birlashtirib, asosiy e‘tiborni xomashyo eksportidan ko‘ra uni chuqur qayta ishlash va tayyor yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratish taklif etildi.
Qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, ilg‘or texnologiyalarni joriy etish va kadrlar tayyorlash muhim yo‘nalish sifatida belgilandi.





O‘zbekistonga Koreya kompaniyalari, universitetlari va tadqiqot markazlarini jalb etib, intellektual mulk huquqi bilan himoyalangan yangi mahsulotlarni ishlab chiqish uchun yagona hamkorlik tizimini yaratish taklif qilindi.
Sun‘iy intellekt besh yil davomida har bir mamlakat iqtisodiyotida kamida $10 mlrdlik qo‘shilgan qiymat yaratish imkonini beradi.
Shu maqsadda Qoraqalpog‘istonda sun‘iy intellekt data-markazlari uchun keng imtiyozlarga ega xab tashkil etildi. Koreys kompaniyalari ushbu sohaga investitsiya kiritishga taklif qilindi.
Yarimo‘tkazgichlar va mikroelektronika ishlab chiqarishda hamkorlikning istiqbolli ekani qayd etildi.
Nurafshon shahridagi Kelajak texnologiyalari markazi negizida yarimo‘tkazgichlar, sanoat mikroelektronikasi va yangi materiallarni loyihalash hamda sinovdan o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma markaz tashkil etilmoqda.
O‘zbekiston Koreya va Markaziy Osiyo kompaniyalarining ilmiy-tadqiqot bo‘linmalari hamda laboratoriyalarini joylashtirish uchun sharoit yaratishga tayyor.




Biotexnologiyalar va farmatsevtikani rivojlantirishda katta salohiyat mavjud. O‘zbekistonda dori vositalari va tibbiy buyumlar bozori hajmi $3 mlrdga yetdi. Tadqiqotlar, klinik baza va ishlab chiqarishni birlashtiruvchi biofarmatsevtika klasterini tashkil etish taklif qilindi.
Bunda asosiy e‘tibor mutaxassislar tayyorlashga, jumladan, mintaqa miqyosida muhandislarni o‘qitish va ularning Koreya laboratoriyalari hamda ilg‘or korxonalarida stajirovka o‘tashini tashkil etish bo‘yicha yagona dasturni yo‘lga qo‘yishga qaratildi.
Koreys kompaniyalari misni qayta ishlash, elektrotexnika uskunalari ishlab chiqarish, avtomobil va elektromobil sanoati uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirishga taklif etildi.
Shu bilan birga, robototexnika, biotexnologiya, farmatsevtika, energetika, transport va shahar infratuzilmasi sohalarida loyihalarni amalga oshirish taklif qilindi.
Spot, avvalroq, prezident Markaziy Osiyo va Koreya hamkorligi bo‘yicha beshta taklifni ilgari surgani haqida yozgandi.








