Iqtisodiyot va moliya vazirligi ijtimoiy siyosatning eng nozik yo‘nalishlaridan biri — pensiya tizimini isloh qilish loyihasini jamoatchilik muhokamasiga chiqardi. Hujjatda jamg‘arib boriladigan pensiya tizimini rivojlantirish, to‘lovlar miqdorini fuqaroning tizimdagi hissasiga uzviy bog‘lash, pensiya yoshini uch yilga uzaytirib, erkaklar uchun 63 yosh, ayollar uchun 58 yosh etib belgilash ko‘zda tutilgan. Shuningdek, eng kam ish stajini oshirish hamda o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun badallarni ixtiyoriydan majburiy shaklga o‘tkazish taklif etilmoqda. Mazkur tashabbuslar kelgusida deyarli har bir fuqaroning hayotiga bevosita daxl qilishi mumkin.

Islohotga davlat budjetiga tushayotgan yukning muttasil ortib borayotgani turtki bo‘ldi. 2025-yilda Pensiya jamg‘armasi 56,5 trln so‘m daromad olib, 76,7 trln so‘m xarajat qildi. O‘rtadagi 20,2 trln so‘mlik tafovut respublika budjeti hisobidan qoplandi — bu jamg‘arma barcha xarajatlarining to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘ini tashkil etadi.

Ayni paytda mamlakatda har bir nafaqaxo‘rga muntazam ijtimoiy soliq to‘layotgan atigi ikki nafar rasmiy ishchi to‘g‘ri kelmoqda (Qozog‘iston va Qirg‘izistonda bu nisbat 3 ga 1 ni tashkil etadi). Hozirda O‘zbekistonda 4,3 milliondan ortiq nafaqa oluvchi istiqomat qiladi. Bu umumiy aholining 11 foizidan ortig‘i degani va mazkur ko‘rsatkich o‘sishda davom etyapti.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijrochi direktori Murodbek Atadjanov Spot’ga bergan eksklyuziv intervyusida nimalar o‘zgarishi, amaldagi tizim nega eskirgani hamda yoshlar keksalikda eng kam pensiya bilan qolib ketmasliklari uchun hozirdanoq nimalarga e’tibor qaratishi lozimligi haqida so‘zlab berdi.


Dastlab nimani to‘g‘ri tushunib olish lozim?

Tafsilotlarga o‘tishdan oldin, keyingi barcha muhokamalar asosini tashkil etuvchi uchta muhim jihatni aytib o‘tmoqchiman.

  • Birinchidan, bu yakuniy qaror emas, balki takliflardir. Barcha parametrlar va mexanizmlar jamoatchilik bilan muhokama qilinadi va fuqarolar, ekspertlar hamda ijtimoiy hamkorlarning fikrlari inobatga olingan holda o‘zgartirilishi mumkin.

  • Ikkinchidan, amaldagi pensiyalar daxlsiz qoladi. Islohot avval belgilangan to‘lovlar va to‘plangan pensiya huquqlariga taalluqli emas. Ular to‘liq hajmda saqlanadi — kutilayotgan choralarning hech biri belgilangan to‘lovlarni qisqartirishni nazarda tutmaydi.

  • Uchinchidan (eng asosiysi): maqsadimiz budjet mablag‘larini tejash emas. Biz bo‘lajak pensiya yanada adolatli bo‘lishini hamda xodimning staji, rasmiy daromadi va uning o‘z pensiya huquqlarini shakllantirishdagi shaxsiy ishtirokiga ko‘proq bog‘liq bo‘lishini istaymiz. Shuningdek, rasmiy bandlikni rag‘batlantirish ham biz uchun juda muhim.

murodbek atadjanov, pensiya, pensiya islohoti, pensiya jamg'armasi

Фото: Евгений Сорочин / Spot

Nimalarni o‘zgartirish taklif qilinmoqda?

Birinchi navbatda, davlat ko‘magida fuqarolarning pensiyani ixtiyoriy jamg‘arishini rag‘batlantirishni rejalashtirmoqdamiz.

Alohida takliflar bloki o‘zini o‘zi band qilganlar va oilaning ishlamaydigan a’zolariga tegishli. O‘zini o‘zi band qilganlar uchun badallarni majburiy qilishni taklif qilyapmiz, ammo ularning miqdori oshirilmaydi — buning evaziga fuqaro hozirda mavjud bo‘lmagan kasallik (bolnichniy) va tug‘ruq (dekret) nafaqalarini olish huquqiga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, ishlamaydigan qarindoshlar uchun badal to‘lash imkoniyati paydo bo‘ladi — bunda nafaqat turmush o‘rtog‘i (hozirgi kabi), balki uy xo‘jaligi bilan band bo‘lgan voyaga yetgan farzandlar yoki ota-onalar uchun ham badal to‘lash mumkin bo‘ladi.

Yana bir taklif — pensiya yoshini oshirish: 2028-yildan boshlab uni yiliga uch oyga oshirib borish taklif etilmoqda. Natijada 2039-yilga borib erkaklar 60 yosh o‘rniga 63 yoshda, ayollar esa 55 yosh o‘rniga 58 yoshda pensiyaga chiqadi. Bunga parallel ravishda, pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan eng kam ish stajini 2034-yilgacha bosqichma-bosqich 7 yildan 15 yilgacha oshirish ko‘zda tutilgan.

Va nihoyat, pensiyani hisoblash formulasiga ikkita o‘zgartirish kiritiladi: pensiya hisobida inobatga olinadigan ish haqining yuqori chegarasi amaldagi 6 mln so‘mdan 6,6 mln so‘mgacha oshiriladi, shuningdek, ish haqi hisobga olinadigan davr so‘nggi 5 yildan 20 yilgacha uzaytiriladi. Bu birinchi navbatda pensiyaga yaqinlashganda daromadi o‘smagan, balki pasaygan shaxslarning manfaatlariga xizmat qiladi. Endi bu takliflarning har biri haqida batafsilroq to‘xtalib o‘tsam.

Pensiya yoshining oshirilishi

O‘zbekistonda pensiya yoshi 1993-yildan beri o‘zgarmagan. Amaldagi ko‘rsatkichlar — erkaklar uchun 60, ayollar uchun 55 yosh — sovet davrida shakllangan: bu me’yorlar 1956-yilda ishchi va xizmatchilar uchun belgilangan, ularning asosi esa 1964-yilgi qonunchilikka borib taqaladi.

Bu vaqt oralig‘ida umr ko‘rish davomiyligi sezilarli darajada o‘sdi: erkaklarda taxminan 65 yoshdan 73 yoshgacha, ayollarda 70 yoshdan 77 yoshgacha. Bunga mos ravishda, pensiya olish davomiyligi ham uzaydi: erkaklarda 5 yildan 13 yilgacha, ayollarda 15 yildan 22 yilgacha. Hozirda bizdagi pensiya yoshi mintaqada eng pastlaridan biri bo‘lib qolmoqda — hatto Turkmaniston ham uni 62 yoshga ko‘tarib ulgurdi.

2028-yildan pensiya yoshini har yili 3 oyga oshirishni taklif qilyapmiz. 2039-yilga kelib erkaklar 63 yoshda, ayollar 58 yoshda pensiyaga chiqadi. Parallel ravishda, eng kam stajga ega bo‘lmaganlarga beriladigan nafaqa tayinlash yoshi ham oshiriladi: erkaklar uchun 65 yoshdan 68 yoshga, ayollar uchun 60 yoshdan 63 yoshga.

2027-yildan boshlab esa 20 yillik stajga ega xotin-qizlarning pensiyaga bir yil oldin (54 yoshda) chiqish huquqini bekor qilish taklif etilmoqda.

murodbek atadjanov, pensiya, pensiya islohoti, pensiya jamg'armasi

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Yiliga 3 oylik sur’at tasodifan tanlanmagan: keskinroq o‘sish o‘z hayotiy rejalarini tuzib qo‘ygan odamlar uchun og‘ir botardi, sekinroq o‘sish esa tizimning barqarorligiga deyarli ta’sir qilmasdi. Ushbu reja bilan uch yillik to‘liq oshirish jarayoni 12 yilga cho‘ziladi: birinchi yili fuqaro bor-yo‘g‘i uch oyga, ikkinchi yili yarim yilga kechroq pensiyaga chiqadi.

Islohotning 2027-yilda emas, aynan 2028-yilda boshlanishi bu bir turdagi tayyorgarlik davridir: tez orada pensiyaga chiqishi kerak bo‘lgan insonlarning o‘z rejalari bor va biz ularga tayyorgarlik ko‘rish uchun bir yarim yilga yaqin vaqt beryapmiz — boshqa mamlakatlarda ham bunday o‘zgarishlar oldidan odatda shunday muhlat beriladi.

O‘zgarishlar birinchi navbatda 1968-yilda tug‘ilgan erkaklar va 1973-yilda tug‘ilgan ayollarga — amaldagi qoidalar bo‘yicha 2028-yilda pensiyaga chiqishi kerak bo‘lganlarga ta’sir qiladi. Masalan, 1973-yilda tug‘ilgan ayol o‘tish davrining birinchi yilida 55 yoshu 3 oyligida pensiyaga chiqadi (aniq sana tug‘ilgan oyiga bog‘liq). Allaqachon tayinlangan pensiyalar va o‘tish davri boshlangunga qadar pensiyaga chiqqanlarga yangi mezonlar daxl qilmaydi.

Shu o‘rinda inson yangi qoidalar bo‘yicha pensiyaga yashab yetib bormasligi haqidagi xavotirlarga alohida to‘xtalib o‘tsam. Bu xavotir o‘rinli va unga faqatgina “odamlar uzoqroq yashay boshladi” degan gap bilan javob berib bo‘lmaydi. Ammo, yosh chegarasi oshirilgandan keyin ham erkaklar o‘rtacha 11 yil (63 yoshdan keyin), ayollar esa qariyb 20,4 yil (58 yoshdan keyin) pensiya oladilar.

Shu bilan birga, to‘liq pensiya uchun talab qilinadigan umumiy staj talabi o‘zgarmaydi — erkaklar uchun 25 yil, ayollar uchun 20 yil. Pensiya yoshining oshirilishi og‘ir va zararli ishlarda band bo‘lganlar hamda pensiyaoldi yoshidagi ishsizlar uchun aniq qoidalar bilan birga olib borilishi shart — ular uchun imtiyozli tartib har qanday holatda ham saqlanib qoladi.

Pensiyaga yaqinlashib qolganlar uchun qator kafolatlarni ko‘zda tutganmiz. Ularni pensiyaoldi yoshida ekanligini ro‘kach qilib ishdan bo‘shatish yoki ishga qabul qilishni rad etish mumkin emas. Texnologiya, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi o‘zgarishlar, ishlar hajmining qisqarishi natijasida shtatning o‘zgarishi yoki korxona tugatilishi sababli ishdan bo‘shatilgan va ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslar muddatidan oldin — umumiy belgilangan muddatdan 2 yil avval pensiyaga chiqish huquqini saqlab qoladilar.

Barcha belgilangan soliq, transport va sog‘liqni saqlash imtiyozlari o‘z kuchida qoladi. Erkaklar 60 yoshga va ayollar 55 yoshga to‘lganda, umumiy pensiya yoshi o‘zgarganidan qat’i nazar, o‘zlarining jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘larini olish huquqiga ega bo‘ladilar.

Ixtiyoriy ravishda ko‘proq ishlashga tayyor bo‘lganlar uchun rag‘batlantirish mexanizmi ham mavjud. Agar kishining ish haqi belgilangan chegaraga yetsa, pensiyaga chiqishni yarim yilga kechiktirganda, to‘lov taxminan 8% ga, bir yilga kechiktirganda esa taxminan 15% ga oshishi mumkin. Har bir qo‘shimcha ishlagan oy stajga qo‘shiladi, talab etilgan 25 yoki 20 yildan ortiq ishlagan har bir to‘liq yil uchun pensiya avvalgidek 1% ga o‘sib boradi. Bu yerda qaror individual qabul qilinadi: inson o‘z sog‘lig‘i, mehnat sharoitlari va oilaviy vaziyatini hisobga olgan holda pensiyani darhol rasmiylashtirish yoki umrbod to‘lanadigan balandroq daromad uchun uni biroz kechiktirishni o‘zi hal qiladi.

Ixtiyoriy jamg‘armalar

Bugungi kunda jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi unchalik ommabop emas — majburiy 0,1% dan tashqari ixtiyoriy badallar to‘lashga ko‘pchilik ham jur’at qilavermaydi. Buning sababi tizimning qanchalik foydali ekani bir qarashda ko‘rinmasligida bo‘lsa kerak. Shuning uchun raqamlar orqali tushuntirib beraman.

Agar ish haqi 7,6 mln so‘mgacha (pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravari) bo‘lgan fuqaro o‘z maoshining 5% ini ixtiyoriy jamg‘arib boriladigan tizimga yo‘naltirsa, davlat unga bu summaning 50% igacha qo‘shimcha qilib beradi. Ish haqi 5 mln so‘m bo‘lganda bu quyidagicha ko‘rinadi: xodim 250 ming so‘m o‘tkazadi, davlat yana 125 ming so‘m qo‘shadi — jami uning hisobiga har oy 375 ming so‘m tushadi.

murodbek atadjanov, pensiya, pensiya islohoti, pensiya jamg'armasi

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Daromadi ushbu chegaradan yuqori bo‘lganlar uchun davlat ish haqi hamda 7,6 mln so‘mlik chegara o‘rtasidagi farqning 1% ini individual jamg‘arib boriladigan hisobvaraqqa qo‘shib beradi. Masalan, 10 mln so‘m ish haqi oladigan kishi 5% — 500 ming so‘m o‘tkazadi. Bu holda davlat ish haqi (10 mln) va chegara (7,6 mln) o‘rtasidagi farqdan 1% (24 ming so‘m) qo‘shadi. Natijada shaxsiy hisobraqamga har oy 524 ming so‘m kelib tushadi.

Taqqoslash uchun: 5 mln so‘mlik ish haqidan ushlanadigan majburiy 0,1% yigirma yil ichida jami atigi 3 mln so‘m atrofida bo‘ladi. Ixtiyoriy badallar, davlatning qo‘shimcha to‘lovi va investitsion daromadni hisobga olganda esa, xuddi shu davr mobaynida 126 mln so‘m atrofida mablag‘ to‘planishi mumkin — farq juda katta.

Bu sarmoyaning maqsadi tavakkal qilib pul ishlash emas, balki tejab qolingan mablag‘ni inflyatsiya darajasidan yuqori holda saqlash va ko‘paytirishdir: mablag‘lar davlat qimmatli qog‘ozlari va boshqa konservativ vositalar orqali iqtisodiyotga kiritiladi.

Shuningdek, biz kelajakda korporativ va xususiy jamg‘arib boriladigan pensiya dasturlarini rivojlantirish uchun qonunchilik bazasini tayyorlayotganimizni aytib o‘tmoqchiman (taxminan 2027-yil oxirigacha). Bu degani, kelajakda fuqaroda nafaqat davlat orqali, balki ish beruvchi yoki xususiy boshqaruv kompaniyasi orqali ham o‘z pensiya huquqlarini shakllantirish imkoniyati paydo bo‘ladi va Pensiya jamg‘armasi bu bozorda monopolist bo‘lmaydi.

Eng kam ish staji: 7 yildan 15 yilgacha

Hozirgi vaqtda pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan eng kam staj 7 yilni tashkil etadi. Bu 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan potensial mehnat faoliyati davrining taxminan 17% iga teng. Faqat mana shu minimal muddatni ishlagan kishi allaqachon eng kam pensiya oladi.

Biz bu chegarani 7 yildan 15 yilgacha ko‘tarishni taklif qilyapmiz, biroq darhol emas, balki 2027-yildan boshlab har yili bir yilga oshirib borish orqali 2034-yilga kelib 15 yilga yetkazish rejalashtirilgan. Mantiq oddiy: inson qancha uzoq vaqt rasmiy ishlasa va tizimga o‘z hissasini qo‘shsa, uning pensiyasi shuncha yuqori bo‘ladi.

Chegara bosqichma-bosqich o‘sayotgani bois (2027-yilda 8 yil, 2030-yilda 11 yil va hokazo), pensiyaga chiqish arafasida turgan fuqaro faqat o‘zining yiliga to‘g‘ri keladigan talabga tushadi. Staji kam bo‘lsa-da allaqachon tayinlangan pensiyalarni biz qayta ko‘rib chiqmaymiz.

Yangi eng kam staj chegarasini to‘play olmaganlar uchun esa yoshga doir kafolatlangan nafaqa to‘liq saqlanib qoladi — u umumiy belgilangan pensiya yoshidan besh yil o‘tib tayinlanadi.

murodbek atadjanov, pensiya, pensiya islohoti, pensiya jamg'armasi

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Bugun pensiya qanday shakllanadi?

Kelgusidagi o‘zgarishlar tushunarli bo‘lishi uchun hozirgi tizim qanday ishlashini qisqacha tushuntirib beraman. To‘liq pensiya olish uchun erkaklarga 25 yil, ayollarga 20 yil ish staji kerak. Hisoblashda so‘nggi o‘n yillik mehnat faoliyati davomidagi istalgan ketma-ket besh yillik ish haqi olinadi — kishi qachon ko‘proq daromad topgan bo‘lsa, o‘sha davrni tanlashi mumkin. Ushbu daromad o‘rtacha miqdorining 55%i pensiya bazasi hisoblanadi va talab qilingan stajdan ortiq har bir yil uchun yana 1%dan qo‘shiladi.

Agar talab qilingan staj bo‘lmasa (pensiya tayinlash uchun hozirgi eng kam chegara — 7 yil), pensiya tayinlanmaydi. Bunday holda yoshga doir nafaqa berilishi mumkin: erkaklarga — 65 yoshdan, ayollarga — 60 yoshdan. Yetti yillik staj bu eng kam (minimal) pensiya demakdir — hozirda uning miqdori 878 ming so‘mni tashkil etadi. Darvoqe, statistikamizga ko‘ra, qayd etilgan eng katta staj 44 yil bo‘lgan: fuqaro 16 yoshidan ishlashni boshlab, 60 yoshida pensiyaga chiqqan.

Davlat (birdamlik) pensiyasidan tashqari, bizda jamg‘arib boriladigan daraja ham mavjud: ish haqining majburiy 0,1% i Xalq banki’dagi shaxsiy hisobraqamga o‘tkaziladi va har kim ixtiyoriy ravishda bu hisobni to‘ldirib borishi mumkin. Bu o‘rinda ikkisidan birini tanlash kerak degan noto‘g‘ri xulosaga kelmaslik muhim. Baza pensiya — bu davlat, birdamlik pensiyasi, jamg‘arib boriladigan qism esa unga qo‘shimchadir. Davlat himoyasi va shaxsiy jamg‘armalar uyg‘unlashtirilgan bunday ko‘p bosqichli yondashuv Daniya, Avstraliya, Singapur va boshqa bir qator mamlakatlarda qo‘llaniladi.

Bugungi kunda mamlakat bo‘yicha o‘rtacha pensiya miqdori oyiga qariyb 1,7 mln so‘mni tashkil etadi. Mediana miqdori (pensionerlarning teng yarmi bundan ko‘p, yarmi bundan kam oladigan chegara) esa taxminan 1,14 mln so‘mga teng. Demak, o‘rtacha pensiya mediana ko‘rsatkichidan salkam 550 ming so‘mga yoki 48% ga yuqori. Bu shuni anglatadiki, pensionerlarning sezilarli qismining to‘lovlari o‘rtacha ko‘rsatkichdan past, ayrim guruhlarning yuqori pensiyalari esa mamlakat bo‘yicha o‘rtacha raqamni ko‘tarib yuboradi.

Hududiy farqlar ham ko‘zga tashlanadi: Toshkent shahrida o‘rtacha pensiya taxminan 2,31 mln so‘m, mediana esa 2,03 mln so‘m bo‘lsa, Navoiy viloyatida mos ravishda 2,17 mln va 1,64 mln so‘mni tashkil etadi.

Pensiyani hisoblash formulasi qanday o‘zgaradi?

Pensiya miqdorini hisoblash uslubiga taalluqli bo‘lgan ikkita texnik, ammo moliyaviy ahamiyatga ega o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Birinchisi — hisobga olinadigan ish haqining yuqori chegarasi. Bugungi kunda pensiyani hisoblashda ish haqi faqat ma’lum bir chegaragacha — pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorining 12 baravarigacha inobatga olinadi. Ushbu bazaviy miqdor 1-iyuldan boshlab 504 ming so‘mni tashkil qilmoqda.

Demak, chegara — 6 mln so‘mdan sal ko‘proq. Undan yuqori bo‘lgan barcha daromadlar pensiyani hisoblashda umuman inobatga olinmaydi: 6 mln so‘m oladigan ham, 30 mln so‘m oladigan ham bir xil pensiya oladi, garchi ikkinchisi jamg‘armaga ancha ko‘p to‘lasa-da. Biz ushbu karralikni 12 dan 13 baravargacha oshirishni, ya’ni chegarani 6,6 mln so‘mgacha ko‘tarishni taklif qilyapmiz. O‘rtacha hisobda bu chora ta’sir qiladigan fuqarolar uchun tayinlanadigan pensiya miqdorini oyiga 277 ming so‘mga yoki qariyb 8% ga oshiradi.

Masalan, yetakchi IT-mutaxassisining rasmiy oyligi 10 mln so‘m. Hozir 6 millionlik chegara sababli uning pensiyasi, aslida ko‘proq topsa ham, taxminan 3,3 mln so‘mni tashkil qiladi. Chegara 6,6 mln ga ko‘tarilgandan so‘ng uning pensiyasi taxminan 3,6 mln so‘mgacha oshadi. Biz chegarani butunlay olib tashlashni rejalashtirmayapmiz: birdamlik (solidar) tizimi o‘z tabiatiga ko‘ra har qanday yuqori maoshning o‘rnini bosishi emas, balki daromadning oqilona bazaviy o‘rnini ta’minlashi kerak.

murodbek atadjanov, pensiya, pensiya islohoti, pensiya jamg'armasi

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Ikkinchi o‘zgartirish — ish haqini hisobga olish davri. Hozirda pensiya oxirgi 10 yillik ish stajidagi 5 yil bo‘yicha hisoblanadi. Biz bu davrni har yili bosqichma-bosqich bir yilga uzaytirishni va 2041-yilga borib 20 yillik davrga yetkazishni taklif etyapmiz. Masalan, 2027-yilda pensiyaga chiqadiganlar uchun davr 2016−2026-yillarni (11 yil) qamrab oladi va hisoblashda 5 yil emas, 6 yil inobatga olinadi.

Buning ma’nosi shundaki, bugungi formula ko‘pincha adolatsizlikka olib keladi. Odamlarning hayot yo‘li turlicha: kimdir uzoq yillar davomida katta rasmiy oylik olgan, lekin pensiyaga chiqishdan oldin uning daromadi pasayib ketgan — natijada pensiya shu pastroq baza bo‘yicha hisoblanadi. Statistikamiz va fuqarolarning murojaatlariga ko‘ra, bunday holat teskarisiga qaraganda tez-tez uchraydi. Shu bois davrni kengaytirish birinchi navbatda fuqaroning zarariga emas, foydasiga xizmat qiladi.

Misol: Bir ayol 20 yil ishladi. Dastlabki 10 yilda uning o‘rtacha daromadi 5 mln so‘m, keyingi 10 yilda 3 mln so‘m bo‘ldi. Amaldagi qoidalarga ko‘ra, pensiya oxirgi 5 yil, ya’ni 3 millionlik ish haqi bo‘yicha hisoblanadi va 1,65 mln so‘mni tashkil qiladi. Agar barcha 20 yilni hisobga olib, eng past daromadli ikki yilni chiqarib tashlasak, o‘rtacha ish haqi 4,1 mln so‘mga, pensiya esa 2 255 000 so‘mga aylanadi. Bu amaldagidan 605 ming so‘mga ko‘p degani.

O‘zini o‘zi band qilganlar va ishlamaydigan oila a’zolari

Bugungi kunda o‘zini o‘zi band qilganlar uchun yillik stavka bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari etib belgilangan — hozir bu 440 ming so‘m, biroq u ixtiyoriy. O‘zini o‘zi band qilgan shaxs yil davomida istalgan vaqtda, jumladan qismlarga bo‘lib to‘lashi mumkin. Shaxsda pensiya huquqi, ya’ni bir yillik mehnat staji u shunchaki o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tgandan keyin emas, aynan badal to‘laganidan keyingina paydo bo‘ladi.

Agar o‘zini o‘zi band qilgan shaxs pensiya tayinlash uchun zarur bo‘lgan eng kam staj bo‘yicha 7 yil davomida yiliga 440 ming so‘m to‘lasa, u jami 3,1 mln so‘m atrofida sarmoya kiritgan bo‘ladi. Yetti yillik staj bilan unga to‘liqsiz stajdagi pensiya tayinlanadi (minimal miqdori 878 ming so‘m, bu yiliga 10,5 mln so‘m demakdir). Ko‘rinib turibdiki, odam pensiya olishning birinchi yilidayoq butun yetti yil davomida to‘laganidan 3,4 baravar ko‘p pul oladi.

Unda nega biz baribir bu badallarni majburiy qilmoqchimiz? Chunki ixtiyoriylik bu yerda yaxshi ishlamaydi. Xulq-atvor iqtisodiyoti nuqtai nazaridan qaraydigan bo‘lsak, bunday modelda odamlar odatda 20−30 yildan keyingi pensiya haqida emas, balki bugungi kun, pul topish, oila tebratish haqida o‘ylaydi. “Pensiyaga chiqqanda biror narsa o‘ylab toparmiz” degan fikr aldamchi: pensiya yoshi kelganda staj yetmaydi va pensiya eng kam darajada chiqadi.

Statistika ham buni tasdiqlaydi: 2026-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, pensiya tayinlangan fuqarolarning 61% ida talab etilgan staj (erkaklar uchun 25, ayollar uchun 20 yil) mavjud emas. Asosiy sabablardan biri — odamlar rasman ishlamaydi va ijtimoiy soliqni muntazam to‘lamaydi. O‘zini o‘zi band qilganlar ana shunday toifalardan biridir.

murodbek atadjanov, pensiya, pensiya islohoti, pensiya jamg'armasi

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Biz badal summasini oshirmay (o‘sha yillik 440 ming so‘m) qismlarga bo‘lib to‘lash (oyiga taxminan 36 ming so‘m) huquqini saqlab qolgan holda uni majburiy qilishni taklif etyapmiz. Shu bilan birga, o‘zini o‘zi band qilganlar evaziga yangi qulayliklarga ega bo‘lishadi: staj va pensiyadan tashqari, ular oldin mavjud bo‘lmagan mehnatga layoqatsizlik (bolnichniy) hamda homiladorlik va tug‘ish (dekret) bo‘yicha nafaqalarni olish huquqiga ega bo‘lishadi. To‘lanadigan 440 ming so‘mning bir qismi Davlat ijtimoiy himoya jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va u yerdan mazkur nafaqalar moliyalashtiriladi.

To‘lovlarning majburiyligi oqibatida o‘zini o‘zi band qilganlarning bir qismi “soya"ga o‘tib ketish xavfi borligini inkor etmayman. Agar to‘lov qimmat, tushunarsiz va sezilarli natija bermaydigan deb baholansa, ba’zilar ro‘yxatdan o‘tmaslikka harakat qiladi. Shuning uchun majburiylik faqatgina bir nechta shartlar bilan ishlashi mumkin: minimal va qulay summa, bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati, murakkab hisobotlarning yo‘qligi va evaziga aniq beriladigan huquqlar (staj, bolnichniy, dekret).

Alohida tarzda, biz ijtimoiy badal to‘lash mumkin bo‘lgan qarindoshlar doirasini kengaytirishni taklif qilyapmiz. Bugungi kunda qonunga ko‘ra, turmush o‘rtog‘i o‘zining ishlamaydigan turmush o‘rtog‘i uchun badal to‘lashi mumkin, ammo oilada nafaqat turmush o‘rtog‘i, balki uy ishlari bilan band bo‘lgan voyaga yetgan farzandlar yoki ota-onalar ham ishlamasligi mumkin.

Shuning uchun, oilaning ishlayotgan a’zosiga mana shunday qarindoshlar uchun ham badal to‘lashga ruxsat berishni taklif etmoqdamiz. Bunday badal miqdorini eng kam ish haqiga bog‘laymiz — oyiga taxminan 152 ming so‘m. Shunday qilib, puli to‘lanayotgan qarindosh uchun yetti yillik staj shakllantirish mumkin bo‘ladi.

Bu mexanizm ayniqsa uzoq yillar davomida bolalar yoki keksalar parvarishi bilan shug‘ullangan, ro‘zg‘or tebratganlar uchun juda muhim. Bu mexanizmsiz ular pensiyaga chiqqanda faqatgina eng kam miqdorni olishlari mumkin bo‘ladi, bunday tartib bilan esa ularda real staj paydo bo‘ladi. Mexanizm mutlaqo ixtiyoriy — undan foydalanish-foydalanmaslikni oila o‘zi hal qiladi.

Pensiya jamg‘armasi nega minusda?

Ushbu o‘zgarishlarning alohida ta’kidlab o‘tilishi kerak bo‘lgan moliyaviy tomoni ham bor. Agar hech narsa o‘zgartirilmasa, bizning hisob-kitoblarimizga ko‘ra (bu shunchaki chamalash emas, balki demografik o‘zgarishlar va pensionerlar soni o‘sishini hisobga oluvchi aktuar tadqiqotlardir), 2040-yilga kelib budjetdan qilinadigan transfer 91 trln so‘mgacha, ya’ni jamg‘arma xarajatlarining 29,3% igacha oshishi mumkin. Bu nisbat faqat o‘sib boradi.

Sabablardan biri — ishlovchilar va pensionerlar o‘rtasidagi nisbat. Mamlakatning iqtisodiy faol aholisi 15,7 mln kishini tashkil etadi, biroq ularning atigi 8,6 mln ginasi muntazam ravishda ijtimoiy soliq to‘laydi.

Farqning sabablari: aholining bir qismi mehnat migratsiyasida, bir qismi norasmiy ishlaydi, bir qismi esa o‘zini o‘zi band qilgan sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsa-da, badallarni tartibsiz to‘laydi yoki umuman to‘lamaydi (bu haqda yuqorida gapirib o‘tdim).

Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘z iqtisodiyotini “oqlash” va hali 1996−1998 yillardagi pensiya islohotlari orqali bir nafar pensionerga uch nafar ishlovchi nisbatiga erishgan.

murodbek atadjanov, pensiya, pensiya islohoti, pensiya jamg'armasi

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Ommaga kamdan-kam aytiladigan yana bir omil bor — davlat tomonidan iqtisodiyotning alohida tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida beriladigan ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar. 2025-yilda bunday imtiyozlardan 65 mingta korxona foydalangan bo‘lib, ularning umumiy hajmi taxminan 3,2 trln so‘mni tashkil etgan — bu jamg‘armaning o‘tgan yilgi kamomadining qariyb 16 foizi demakdir. Bunda xodim uchun hech qanday yo‘qotish yo‘q: uning ijtimoiy solig‘i imtiyozli stavkada to‘lanadi, ammo pensiya hisoblashda unga huddi to‘liq 12% to‘lagan odamniki kabi hisob-kitob qilinadi. Demak, ikkisining huquqlari bir xil, lekin jamg‘armaga tushumlar turlicha. O‘rtadagi farqni esa yo boshqa soliq to‘lovchilar yoki budjet qoplab beradi.

Men ishchilar va biznesni bir-biriga qarshi qo‘ymoqchi emasman — iqtisodiyotni rivojlantirish uchun alohida sohalarni soliq imtiyozlari orqali qo‘llab-quvvatlash chindan ham kerak. Ammo, nazarimda, bu mexanizmni shaffofroq qilish kerak. Ehtimol, bunday tarmoqlarni aniq manzilli moliyalashtirishga o‘tish zarurdir, lekin aynan pensiya jamg‘armasining daromad manbayi hisoblangan ijtimoiy soliq hisobidan emas.

Tizimga demografiya ham bosim o‘tkazmoqda: 2025-yilda aholi tarkibida pensionerlarning ulushi 11% dan oshdi va prognozlarga ko‘ra, 2040-yilga kelib bu ko‘rsatkich 15% gacha yetishi mumkin. Bu davrda 65 yoshdan oshganlar soni 2,25 mln dan 4,02 mln kishiga ko‘payadi. Umr ko‘rish davomiyligining o‘sishi bu yaxshi natija, salbiy holat emas, lekin pensiya tizimi uchun bu ko‘proq nafaqa oluvchilar va uzoqroq to‘lov davrini anglatadi.

Fuqarolarga zarar yetkazmasdan yuklamani kamaytirishga qaratilgan g‘oyalardan biri — jamg‘armaning sug‘urtalovchi sifatida emas, ijtimoiy institut sifatida amalga oshirayotgan xarajatlarini (harbiy xizmat, o‘qish va dekret ta’tillari uchun staj yozish, pensiyaning minimal darajasigacha qo‘shimcha to‘lovlar va hokazo) respublika budjetidan moliyalashtirishga o‘tkazish.

Bizning hisob-kitoblarga ko‘ra, 2025-yilda bunday xarajatlar taxminan 21 trln so‘mni tashkil qildi — bu defitsitni qoplash uchun berilayotgan hozirgi budjet transferti bilan deyarli teng. Bu yerda fuqaro uchun mutlaqo hech narsa o‘zgarmaydi: u avvalgidek pensiyasini Pensiya jamg‘armasidan oladi, faqatgina buxgalteriya tomoni — moliyalashtirish manbai o‘zgaradi, xolos.

Biroq bu bilan jamg‘armaning o‘z balansi xalqaro normalarga javob beradigan holatga keladi. Aynan xarajatlarni bunday qayta tuzilmaga solish hisobiga barcha taklif qilingan choralar qabul qilingan taqdirda jamg‘arma 2028-yilga borib profitsitga (daromadning xarajatdan ortishi) chiqishini kutyapmiz.

murodbek atadjanov, pensiya, pensiya islohoti, pensiya jamg'armasi

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Hozirdan nimalar qilish kerak?

Pensiyaga chiqqanda nochor ahvolda qolmaslik uchun bugun 20, 30 yoki 40 yoshda bo‘lgan insonlarga nimalarni maslahat bergan bo‘lardim?

  • Birinchisi — rasmiy ishlash va ish haqining to‘liq aks etishini nazorat qilish. Ba’zida maoshning bir qismini norasmiy, “konvertda” to‘lashadi — ayni shu vaqtda bu foydali tuyulishi mumkin, lekin kelajakda bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri eng kam pensiyaga olib boruvchi yo‘ldir.

  • Ikkinchisi — vaqti-vaqti bilan, hech bo‘lmaganda yilda bir marta o‘z ish stajingiz va siz uchun to‘langan ijtimoiy soliqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshirib turish. Tizimda haqiqatan ham uzilishlar bo‘lib turadi va ular haqida pensiyaga chiqish vaqtida emas, oldinroq bilib olgan ma’qul.

  • Uchinchisi — qarilikda faqatgina bitta daromad manbayiga (faqat davlatning birdamlik pensiyasiga) tayanib qolmaslik. Hozirdanoq jamg‘armalar haqida o‘ylash kerak — yuqorida aytib o‘tganimdek davlat tomonidan qo‘shimcha mablag‘ beriladigan mexanizm rostdan ham juda foydali.

  • To‘rtinchisi — ishlamaydigan oila a’zolari haqida oldindan qayg‘urish. Agar yaqinlaringizdan kimdir ko‘p yillardan beri bolalar, keksalar parvarishi yoki uy ishlari bilan band bo‘lsa, ularning stajini shakllantirishning qonuniy mexanizmlaridan oldinroq foydalanish kerak, vaqt o‘tib ketgandan so‘ng pensiya huquqi yo‘qligini tushunib qolish kerak emas.

Buni bitta fikr bilan xulosa qilsak: O‘z pensiya huquqlariga shaxsiy moliyaviy aktiv kabi munosabatda bo‘lish kerak — oxirgi daqiqada eslash emas, uni oldindan tekshirish, anglash va shakllantirib borish lozim.

So‘zim yakunida shuni ta’kidlamoqchiman: barcha ushbu takliflar kimdandir nimadir tortib olishga emas, balki odamlarda kelajak kapitali shakllanishiga, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarning qo‘llab-quvvatlanishiga va amaldagi kafolatlarning saqlab qolinishiga qaratilgan. O‘zgarishlar, birinchi navbatda, yosh avlodning pensiya huquqlarini uzoq muddatli himoya qilishni ko‘zda tutadi, ayni paytda pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan fuqarolar uchun bosqichma-bosqich o‘tish davri nazarda tutilmoqda.

Hozirdan o‘z jamg‘armalarini shakllantirishni boshlagan insonlar 20−25 yildan so‘ng, har qanday holatda ham tizim asosi bo‘lib qoladigan davlat pensiyasidan tashqari o‘z qo‘llarida real sarmoyaga ega bo‘ladilar.