Toshkentda Salar kanali bo‘yidagi hudud obodonlashtirilib, zamonaviy dam olish zonasiga aylantiriladi, deya Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha qariyb 1,5 km uzunlikdagi hududni qamrab oladi. U tuman hokimligi binosidan boshlanib, Markaziy madaniyat va istirohat bog‘igacha (sobiq Mirzo Ulug‘bek va Telman bog‘lari) davom etadi. Hudud Mirzakalon Ismoiliy va Asaka mahallalari orqali o‘tadi.

Loyiha doirasida mavjud daraxtlar va yashil hududlarni saqlab qolish hamda ularni tartibga keltirish rejalashtirilgan. Kanal bo‘yidagi binolar inventarizatsiyadan o‘tkazilib, noqonuniy egallangan hududlar belgilangan tartibga muvofiqlashtiriladi.

Kanal bo‘ylab piyodalar va velosiped yo‘laklari, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus yo‘laklar barpo etish, skameyka va ayvonchalar o‘rnatish, shuningdek, bolalar va workout maydonchalarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, Mirzakalon Ismoiliy mahallasidagi 1A, 2, 3, 5 va 7-sonli ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlaridagi maydonlardan tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish uchun foydalanish ko‘zda tutilgan.

O‘tgan hafta ko‘p qavatli uylarning birinchi qavatlarida ularni noturar joy toifasiga o‘tkazmasdan savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ruxsat berilishi ma’lum bo‘ldi. Buning uchun faoliyatni boshlash haqida xabardor qilishning o‘zi yetarli bo‘ladi.


Avvalroq Spot Navoiydagi ko‘l atrofida yangi park qurilishi haqida yozgandi. Unda savdo nuqtalari, atraksionlar, akvapark, plyaj zonalari hamda favvoralar, shuningdek, avtoturargohlar bo‘ladi.