Islom Asilbekov 1994-yilda Namanganda tug‘ilgan. U boshlang‘ich va o‘rta ta’limni Chust tumanidagi 32-maktab hamda Namangan muhandislik-qurilish instituti qoshidagi 2-sonli akademik litseyda olgan.
2023-yilda O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining bakalavr bosqichini, 2025-yilda esa ushbu oliygohda magistraturani tamomlagan. Hozirda Turkiyaning Kocaeli universiteti Ijtimoiy fanlar instituti, Jamoatchilik bilan aloqalar va targ‘ibot yo‘nalishida doktorantura bosqichida tahsil olmoqda.
Nima sabab Turkiya?
Turkiy xalqlar tarixi, adabiyoti, san’ati va qadriyatlarimizga bo‘lgan qiziqishim talabalik davrimdan shakllangan. O‘zbekiston bilan tarixiy, madaniy va ma’naviy yaqinligimiz meni doimo o‘ziga jalb qilib kelgan. Shu sababli ilmiy izlanishlarimni davom ettirish uchun bu davlatni tanlash men uchun tabiiy va mantiqiy qaror bo‘ldi.
Magistrlik dissertatsiyam turkiy xalqlar madaniyatini ommalashtirishda PR texnologiyalarining o‘rniga bag‘ishlangandi. Aynan shu tadqiqot Turkiyaga bo‘lgan qiziqishimni yanada kuchaytirib, doktorantura bosqichini ushbu mamlakatda davom ettirishimga turtki bo‘ldi.
Bundan tashqari, u yerda xalqaro talabalar uchun ta’lim va grant imkoniyatlari keng. Xususan, Türkiye Scholarships dasturi xorijlik talabalar va tadqiqotchilarga o‘z ilmiy faoliyatini rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar yaratadi. Men uchun bu dastur nafaqat ta’lim olish, balki yangi ilmiy muhitda tajriba orttirish va o‘z tadqiqotlarimni yanada rivojlantirish imkonini berdi.
Tahsil olayotganimda o‘zimni mutlaqo begona muhitda his qilmayman. Albatta, bu yer va ta’lim tizimi O‘zbekistondan farq qiladi. Ammo til, madaniyat va insoniy qadriyatlarimizdagi o‘xshashliklar kundalik hayotimda yaqqol seziladi.
Hujjat topshirish jarayoni va universitet tanlovi
Ta’limim Türkiye Scholarships ya’ni Türkiye Bursları dasturi orqali moliyalashtirilgan. Bu tizimning o‘ziga xosligi shundaki, nomzodga bir vaqtning o‘zida 12 tagacha oliygoh va ta’lim dasturini tanlash imkoniyati beriladi.
Foto: Islom Asilbekovning shaxsiy arxividan
Yakuniy bosqichda esa komissiya sizni ushbu tanlovlardan biriga joylashtiradi. Shu sababli bu ro‘yxatni shunchaki “qaysi biri bo‘lsa ham mayli” deb to‘ldirib bo‘lmaydi — har bir tanlov ortida aniq tahlil va izlanish turishi kerak.
Universitetlarni saralashda, eng avvalo, o‘zimning ilmiy-tadqiqot yo‘nalishim, dasturning o‘quv rejasi hamda professor-o‘qituvchilar tarkibiga e’tibor qaratdim.
Kocaeli universitetini ham tasodifan tanlamaganman, uni oldindan kuzatib kelardim. Odatda Turkiyaga kelayotgan talabalar Istanbul yoki Anqara kabi yirik shaharlardagi oliygohlarni birinchi o‘ringa qo‘yishadi. Menda esa biroz aksincha bo‘ldi: men uchun shahar brendidan ko‘ra ilmiy muhit va tanlagan yo‘nalishimga moslik muhimroq edi.
Kocaelining yana bir afzalligi — Istanbulga yaqin joylashgani. Bir tomondan rivojlangan sanoat shahri bo‘lsa, ikkinchi tomondan Marmara dengizi, tabiat va boy tarixiy muhitga ega. Shu bois Kocaeli men uchun juda muvozanatli tanlov bo‘ldi: ilmiy imkoniyatlar yetarli, Istanbulga yaqin, lekin yashash ritmi nisbatan sokin va qulay.
Hujjat topshirish jarayonida diplom, transkript, pasport, til sertifikatlari hamda niyat maktubi talab etiladi.
Doktorantura uchun Türkiye Bursları granti
Ushbu grant talabaning kontrakt to‘lovi, oylik stipendiyasi, turar joyi, tibbiy sug‘urtasi hamda borish-kelish aviachiptalari kabi asosiy xarajatlarini qoplashni nazarda tutadi.
Xususan, 2026-yil holatiga ko‘ra, bakalavriat talabalari oyiga $178, magistratura talabalari $260, doktorantura talabalari esa $356 miqdorida stipendiya olishadi. Ko‘rinib turibdiki, doktorantura talabalari uchun ajratiladigan stipendiya bakalavriat va magistratura talabalari stipendiyasidan yuqoriroq.
Biroq grantni qo‘lga kiritish shunchaki “hujjat topshirdim va yutdim” degani emas. Bu jarayon ortida katta tayyorgarlik va jiddiy raqobat turadi, chunki dasturga dunyoning turli chekkalaridan minglab iqtidorli yoshlar ariza beradi.
Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib, doktorantura uchun grant yutishda quyidagi omillarni muhim deb bilaman:
- Akademik ko‘rsatkichlar va tajriba: bakalavr va magistraturadagi baholar hamda sohasidagi amaliy ish staji nomzodimni kuchaytirishda muhim rol o‘ynadi.
- Aniq maqsad va ilmiy yo‘nalish: nima uchun aynan shu mutaxassislikni tanlaganingizni aniq bilishingiz zarur.
- Niyat maktubi: shunchaki “Turkiyada o‘qishni xohlayman”, — degan umumiy gaplar yetarli emas. Nima uchun aynan shu davlat, nima uchun ushbu universitet va ilmiy izlanishingiz kelajakda qanday naf keltirishi haqida aniq asoslar keltirishingiz kerak.
- Hujjatlardagi “samimiylik”: hujjatlar va insholarda sun’iylikdan qochib, o‘z shaxsingiz, maqsadlaringiz hamda salohiyatingizni boricha, samimiy ko‘rsata olishingiz lozim.
Hujjatlarni topshirish va dastlabki saralashdan o‘tishning o‘zi yetarli emas. Keyingi muhim bosqich — suhbat. Grant suhbatlari odatda 15−20 daqiqa atrofida davom etadi. Suhbat davomida nomzodning shaxsiy maqsadlari, akademik faoliyati, tanlagan sohasi va kelajakdagi rejalari haqida savollar beriladi.
Masalan: “O‘zingizni tanishtiring”, “Nega doktorantura?”, “Nega aynan shu universitet?”, “Magistrlik dissertatsiyangiz nima haqida edi?”, “Doktoranturada qanday mavzuda tadqiqot qilmoqchisiz?” singari.
Doktorantura uchun suhbatda eng muhim narsa — o‘z ilmiy rejangizni aniq va asosli tushuntira olish. Chunki, komissiya sizning shunchaki chet elda o‘qishni xohlayotganingizni emas, balki haqiqatan ham mustaqil tadqiqot olib borishga tayyor ekaningizni bilishni istaydi.
Qabul muddatlari
Turkiyada universitetlarga qabul muddatlari oliygoh, dastur va ta’lim bosqichiga qarab farq qiladi. Odatda kuzgi semestr uchun qabul jarayonlari yoz oylarida, bahorgi semestr uchun esa qish oylarida bo‘lib o‘tadi.
Foto: Islom Asilbekovning shaxsiy arxividan
Türkiye Scholarships hukumat grant dasturiga arizalar qabuli esa odatda har yili yil boshida yanvar-fevral oylarida start oladi. Shu sababli xalqaro talabalar ma’lum bir oyga bog‘lanib qolmasdan, grant dasturi va oliygohlarning rasmiy e’lonlarini muntazam kuzatib borishlari lozim.
Doktorantura bosqichidagi ta’lim tizimi esa oddiy bakalavriat yoki magistraturadan sezilarli darajada farqlanadi. Dastlabki bosqichda chuqurlashtirilgan nazariy fanlar o‘qilsa, keyingi bosqichlarda asosiy e’tibor mustaqil ilmiy tadqiqotlar, maqolalar chop etish hamda doktorlik dissertatsiyasini yozishga qaratiladi.
Ta’lim tizimi va ilmiy ish qilish jarayoni
Turkiyaning oliy ta’lim tizimi Yevropa standartlariga moslashtirilgan bo‘lib, bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarini o‘z ichiga oladi.
Menga bu yerda eng yoqqan jihatlardan biri — ta’lim jarayonida talabadan ma’lumotni shunchaki yodlab olish emas, balki analitik fikrlash, tahlil qilish va o‘z pozitsiyasini dalillar bilan asoslash talab etiladi. Ayniqsa, doktorantura bosqichida bu o‘zgacha seziladi. Bu yerda professorlar yo‘nalish ko‘rsatuvchi mentor vazifasini o‘taydi, asosiy yuklama esa talabaning mustaqil ilmiy izlanishlari, manbalar tahlili va metodologik tadqiqotlariga tushadi.
Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, doktoranturani oddiygina “to‘rt yil dars o‘qish” deb tushunish noto‘g‘ri. Bu bir necha muhim akademik bosqichlardan iborat bo‘lgan, izchil va talabchan jarayon.
Avvalo fanlar bosqichi mavjud. Bu davrda doktorantura dasturida belgilangan fanlar o‘qiladi, ilmiy maqolalar va akademik manbalar bilan ishlanadi, taqdimotlar qilinadi hamda zarur kreditlar to‘planadi. Bu bosqichning asosiy maqsadi — doktorantning o‘z ilmiy sohasi bo‘yicha nazariy va metodologik bilimlarini mustahkamlash.
Keyingi muhim bosqichlardan biri — seminar. Talaba o‘zining ilmiy yo‘nalishiga oid mavzuda seminar tayyorlab, uni akademik muhitda taqdim etadi. Bu jarayonda ilmiy manbalardan to‘g‘ri foydalanish, mavzuni chuqur tahlil qilish va o‘z ilmiy fikrini asoslab, himoya qilish ko‘nikmalari shakllanadi.
Fanlar bosqichidan keyin doktorlik malakaviy imtihoni keladi. Bu doktoranturaning eng muhim bosqichlaridan biri bo‘lib, unda doktorantning o‘z mutaxassisligi bo‘yicha yetarli va chuqur bilimga ega ekanligi baholanadi.


Foto: Islom Asilbekovning shaxsiy arxividan
Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgach, navbat dissertatsiya loyihasini shakllantirish bosqichiga keladi. Bu jarayonda doktorant ilmiy rahbari bilan birgalikda tadqiqot mavzusini aniqlashtiradi. Tadqiqotning maqsadi, savollari, metodologiyasi, nazariy asoslari va kutilayotgan ilmiy yangiligi belgilanadi.
Keyingi bosqich — Tez İzleme Komitesi (TİK). Mazkur komissiya doktorantning dissertatsiya bo‘yicha olib borayotgan ishlarini muntazam kuzatib, tadqiqotning rivojlanishini baholab boradi. Doktorant ma’lum davrlarda, odatda har olti oyda, o‘z tadqiqoti davomida amalga oshirgan ishlar va erishgan natijalarini komissiyaga taqdim etadi.
Shundan so‘ng asosiy dissertatsiya tadqiqoti va yozish jarayoni boshlanadi. Bu bosqichda ma’lumot yig‘ish, ilmiy adabiyotlarni o‘rganish, tadqiqot olib borish, olingan ma’lumotlarni tahlil qilish va dissertatsiyani ilmiy talablar asosida yozish ishlari amalga oshiriladi.
Eng so‘nggi bosqich esa doktorlik dissertatsiyasi himoyasidir. Doktorant o‘z tadqiqotini ilmiy komissiya oldida taqdim etadi, tadqiqot natijalarini himoya qiladi va komissiya a’zolarining savollariga javob beradi. Barcha talablar muvaffaqiyatli bajarilgach, doktorlik darajasiga ega bo‘lish mumkin.
Universitetdagi bir kun va talabalik hayoti
Oliygohdagi kunim shunchaki darslardan iborat emas. Doktoranturada ta’lim olish bilan birga mustaqil ilmiy izlanishlarga ham ko‘p vaqt ajrataman.
Kunimning asosiy qismi maqolalar o‘qish, ilmiy manbalarni tahlil qilish, qayd etib borish va ilmiy matnlar yozish bilan o‘tadi. Shuningdek, oliygohda tashkil etiladigan seminar va ilmiy tadbirlarda faol qatnashishga harakat qilaman.





Foto: Islom Asilbekovning shaxsiy arxividan
Men uchun universitet faqat akademik bilim oladigan joy emas, balki turli mamlakatlardan kelgan talabalar bilan muloqot qilish va madaniy tajriba almashish maskani ham. Darslardan so‘ng vaqtimni ba’zan kutubxonada, ba’zan esa shaharni aylanib, yangi maskanlarni kashf qilish bilan o‘tkazaman.
Umuman olganda, talabalik hayotimni uchta asosiy ustunga ajratgan bo‘lardim: ta’lim, ilmiy izlanish va boy hayotiy tajriba.
Moslashish davri
Xorijga chiqishning eng qiyin bosqichi aeroportdan boshlanadi. Aynan o‘sha yerdan e’tiboran inson mutlaqo yangi muhit — boshqa til, yangi odamlar, o‘zgarcha ta’lim tizimi va hayot tarzi bilan yuzma-yuz keladi.
Ochig‘i, dastlab men ham turli qiyinchiliklarga duch keldim. Ayniqsa, oila va yaqinlardan uzoqda yashash, uydagilarni va oddiy kundalik turmushni sog‘inish oson bo‘lmadi. Biroq vaqt o‘tishi bilan yangi muhitga moslashib bordim.
Bu mamlakatni o‘zim uchun asta-sekin kashf qildim. Kocaelidagi Marmara dengizi bo‘ylari, Seka Park va Ormanya kabi tabiat go‘shalaridan tortib, Istanbulning tarixiy maskanlarigacha borib, bu mamlakatni faqat kitob orqali emas, balki amalda o‘rganishga harakat qildim. Sultanahmet, Ayasofya, Taksim va Galata kabi joylarni ko‘rish men uchun oddiy sayohat emas, balki boy tarixni yaqindan his qilish imkoniyati bo‘ldi.
Moslashish jarayonida eng muhim omil — o‘zingizni jamiyatdan ajratib qo‘ymaslik. Tilni o‘rganish, mahalliy aholi va xalqaro talabalar bilan muloqot qilish, turli akademik va madaniy tadbirlarda faol qatnashish hamda xatolardan qo‘rqmaslik lozim.
Ortga nazar tashlab shuni aytishim mumkinki, yangi muhitga moslashish jarayoni menga nafaqat yangi mamlakatni, balki o‘zimdagi yashirin salohiyatni ham yaxshiroq anglashimga yordam berdi.
Oylik xarajatlar
Oylik xarajatlar haqida gapiradigan bo‘lsam, shartli ravishda bir oyda $130-$160 atrofida ovqatlanishga, $24-$41 transportga, $14-$27 telefon va internetga, $41-$96 shaxsiy ehtiyojlarga, yana $27-$82 atrofida kitob, kanselyariya va boshqa ilmiy xarajatlarga sarflanishi mumkin. Qolgan mablag‘ni esa kiyim-kechak, kafe yoki restoran, sayohat va boshqa ehtiyojlarga ishlatish mumkin.
Men Kocaeli hududida tahsil olayotganim uchun bu yerda ushbu grant asosida o‘qiyotgan talabalar uchun jamoat transportida ham imtiyozlar mavjud. Dushanbadan jumagacha talabalar ayrim avtobuslardan bepul foydalanishi mumkin. Shanba va yakshanba kunlari esa transportdan odatdagidek to‘lov asosida foydalaniladi.
Albatta, bu raqamlar qat’iy emas, chunki har bir insonning yashash tarzi va xarajatlari har xil. Kimdir tejamkorroq yashaydi, kimdir kafe va restoranlarga ko‘proq boradi, yana kimdir sayohat qilishni afzal ko‘radi. Shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytsam, o‘rtacha hisobda bir oyda $200 atrofida kundalik xarajat qilish mumkin.
Turkiyadagi qiyinchiliklar
Menimcha, xorijda yashashdagi eng katta qiyinchiliklardan biri — sog‘inch. Inson o‘z yurtidan uzoqda bo‘lsa, dastlab hamma narsa yangilikdek, qiziqarli tuyuladi. Ammo vaqt o‘tishi bilan oddiy narsalarni ham sog‘ina boshlaysiz: oilangiz bilan birga bo‘lishni, uy taomlarini, tanish ko‘chalarni, ona tilidagi suhbatlarni.
Ikkinchi masala — til. Kundalik turk tilini o‘rganish bilan akademik turk tilini o‘rganish — ikki xil masala. Universitetda ilmiy maqolalarni o‘qish, seminar va munozaralarda faol qatnashish uchun tilni ancha chuqur bilish talab etiladi.
Bu yerda til kursida ham tahsil oldim. Bu davr men uchun juda qadrli bo‘ldi. Birga o‘qigan guruhdoshlarim bilan vaqt o‘tishi bilan juda yaqinlashdik. Hatto bir-birimizni oddiy kursdoshlar emas, oila a’zolaridek his qila boshladik.
Yana bir muhim qiyinchilik — doktorantura talab qiladigan intizom. Ba’zan ilmiy tadqiqot ustida uzoq vaqt ishlaysiz, ammo natija darhol ko‘rinmaydi. Ko‘plab maqolalarni o‘qiysiz, ko‘p yozasiz, qayta-qayta tahrir qilasiz. Bu jarayon sabr, intizom va izchillikni talab qiladi.
Maslahat va tavsiyalar
Eng katta maqsadim, doktoranturani muvaffaqiyatli yakunlash va o‘z ilmiy yo‘nalishim bo‘yicha tadqiqotlarimni davom ettirish. Xorijda o‘qishni istayotgan yoshlarga birinchi maslahatim, o‘z maqsadingizni aniq belgilang.
Ikkinchisi, til o‘rganing. Til sizga nafaqat universitet eshiklarini ochadi, balki boshqa jamiyat va madaniyatni chuqurroq tushunish imkonini ham beradi.
Foto: Islom Asilbekovning shaxsiy arxividan
Uchinchisi, grant imkoniyatlaridan foydalaning. Masalan, Türkiye Scholarships kabi dasturlarni o‘rganing. Hujjat topshirishdan qo‘rqmang. Ba’zan insonning hayotini o‘zgartiradigan imkoniyat aynan o‘zi jur’at qilib topshirgan bitta arizadan boshlanadi.
To‘rtinchisi, oliygoh tanlashda faqat shahar yoki nomiga qarab qaror qabul qilmang. Men o‘zim bunga misolman. Ko‘pchilik Istanbul yoki Anqarani tanlashga intilayotgan bir paytda, men Kocaeli Universitetini oldindan o‘rganib, ilmiy maqsadlarimga mos deb topganman. Demak, eng katta savol “Qaysi shaharda o‘qisam yaxshi?” emas, balki “Qaysi muhitda men o‘z maqsadlarimga yaxshiroq erisha olaman?” bo‘lishi kerak.
Yana bir muhim maslahat, xorijga faqat diplom uchun kelmang va eng muhimi — o‘z yurtingizni unutmang.
Menimcha, xorijda ta’lim olishning eng katta qiymati shundaki, inson boshqa mamlakatdan bilim va tajriba olib, bir kun kelib uni o‘z yurti uchun foydaga aylantira oladi.
Turkiyaga kelganimda asosiy maqsadim o‘qish edi. Bugun esa bu yerda orttirgan har bir tajribam meni nafaqat yaxshi mutaxassis, balki hayotga boshqacha qaraydigan inson bo‘lishga ham o‘rgatayotganini his qilyapman.
Shuning uchun xorijda o‘qishni orzu qilayotgan yoshlarga aytadigan eng oddiy gapim: “Orzu qilishdan to‘xtamang. Izlaning, tayyorlaning va imkoniyat kelishini kutib o‘tirmang — uni o‘zingiz izlang. Chunki katta o‘zgarishlar ko‘pincha birgina ariza topshirishdan boshlanadi”.









