Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva qator yirik me‘moriy loyihalar tashabbuskorlari, mustaqil mutaxassislar va urbanistlar, yetakchi ixtisoslashgan ijodiy studiyalar hamda oliy ta‘lim muassasalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Taʼkidlanishicha, Toshkent shiddat bilan kengayib bormoqda. Shaharsozlik va ekologiya bilan bog‘liq bugungi vaziyat inobatga olinganda, uning kelajagi har qachongidan ham jiddiy e‘tibor va tahlilni talab qilayotgani qayd etildi.
“Birgalikda yechim topishimiz kerak bo‘lgan masalalar talaygina — muhandislik kommunikatsiyalari va ijtimoiy obyektlar zimmasiga katta yuk tushayotganidan tortib, elektr hamda suv ta‘minoti muammolarigacha”, — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Prezident Administratsiyasi rahbarining maʼlum qilishicha, yangi qurilishlar shaharni rivojlantirishga xizmat qilishi, qo‘shimcha nomutanosiblik keltirib chiqarmasligi va hududiy tizimlarni ortiqcha zo‘riqtirmasligi kerak.
Qo‘shimcha qilinishicha, Toshkentni har bir fuqaro hamda mehmonlar uchun yana-da qulay, ko‘rkam, ozoda va xavfsiz maskanga aylantirish niyatida bo‘lgan biznes vakillariga ko‘mak beriladi.





“Aynan shunday yondashuv Yangi O‘zbekiston siyosatiga to‘la mos keladi. Chunki bunday tashabbuskor biznesni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash — prezident tomonidan zimmamizga yuklatilgan eng asosiy vazifalardan biridir”, — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Iyul oyida Saida Mirziyoyeva Toshkentda yashil hududlar tashkil etish takliflari bilan tanishgan edi. Prezident Administratsiyasi rahbari Afrosiyob ko‘chasida joylashgan bog‘ni ko‘zdan kechirib, bu yerda barcha emin-erkin dam olishi uchun zarur sharoitni yaratish rejalashtirilayotganini maʼlum qilgandi.
Shundan keyin Islom Karimov memorial majmuasi yonidagi 37 gektarlik hudud ochiq jamoat parkiga aylantirilgandi.
Spot, avvalroq, Saida Mirziyoyeva Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi etib tayinlangani haqida yozgandi.




