Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva o‘zining amaldagi lavozimi bilan o‘rindoshlik asosida Toshkent xalqaro moliya markazi boshqaruvchisi etib tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoniga tayanib ma’lum qildi.

Boshqaruvchi Moliya markazi kengashining bosh kotibi hisoblanadi. U kengash kun tartibini shakllantirishni tashkil etadi va rais qatnashmagan majlislarga raislik qiladi.

Moliya markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yishni muvofiqlashtirish boshqaruvchi faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘ladi. Birinchi navbatdagi hujjatlarni tayyorlash, davlat organlari va markaz tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidan.

Shuningdek, Moliya markazi nomidan O‘zbekistonda va xorijda xalqaro tashkilotlar, investorlar hamda hamkorlar bilan munosabatlarda markazga vakillik qilish, kadrlar bo‘yicha qarorlar qabul qilishda ishtirok etish, jumladan, Moliya markazi ma’muriyatining ijrochi direktorini va uning o‘rinbosarlarini tayinlash, Moliyaviy xizmatlar boshqarmasi rahbariyati bo‘yicha tavsiyalar kiritish ham boshqaruvchining muhim funksiyalari sirasiga kiradi.

Bundan tashqari, Mirziyoyevaga bitimlar tuzish, ishchi guruhlar tashkil etish va ekspertlarni jalb qilish vakolati berilgan.