Toshkentdagi Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma‘rifiy yodgorlik majmuasiga tutash 37 gektarlik hudud aholi uchun ochiq jamoat parkiga aylantiriladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati Spot‘ga ma‘lum qildi.

Loyihaga ko‘ra, parkka kirishni cheklab turgan panjarali devorlar olib tashlanadi, qulay kirish joylari tashkil etilib, o‘zaro bog‘langan piyodalar yo‘laklari tarmog‘i barpo etiladi.

Shuningdek, imkoniyati cheklangan shaxslar, keksalar, oilalar va bolalar aravachasi bilan harakatlanuvchilar uchun to‘siqsiz muhit yaratiladi.

Hududni obodonlashtirish jarayonida mavjud daraxtlar va yashil hududlarni asrab-avaylashga alohida e‘tibor qaratiladi.

Parkda salqin sayr zonalari va osoyishta dam olish maskanlari tashkil etilib, zamonaviy yoritish tizimlari, qulay navigatsiya hamda tashrif buyuruvchilar xavfsizligini ta‘minlovchi vositalar o‘rnatiladi.

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma‘rifiy yodgorlik majmuasi 2017-yilda Oqsaroy qarorgohi hududida tashkil etilgan. Uning tarkibiga muzey, ilmiy-tadqiqot va ta‘lim markazi, kutubxona hamda anjumanlar zali kiradi.

Iyul oyida Saida Mirziyoyeva Toshkentda yashil hududlar tashkil etish takliflari bilan tanishgan edi.

Prezident Administratsiyasi rahbari Afrosiyob ko‘chasida joylashgan bog‘ni ko‘zdan kechirib, bu yerda barcha emin-erkin dam olishi uchun zarur sharoitni yaratish rejalashtirilayotganini maʼlum qilgandi.

Spot, avvalroq, Yangi Andijonda $300 mlnlik turar joy majmuasi, istirohat bog‘i va akvapark qurilishi haqida yozgandi.