Shavkat Mirziyoyev transport-logistika sohasidagi yirik loyihalarning borishi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
2030-yilga qadar transport xizmatlari hajmini ikki barobar oshirish, sohaga $9,1 mlrd investitsiya jalb qilish va xizmatlar eksportini $5,7 mlrd ga yetkazish rejalashtirilgan. Taqdimotda ushbu maqsadlarga erishish uchun amalga oshirilayotgan infratuzilma loyihalari, ularning muddatlari va hal etilishi lozim bo‘lgan masalalar ko‘rib chiqildi.
Aeroportlar qurilishi va modernizatsiyasi bo‘yicha axborot berildi. Toshkent va Buxoroda umumiy qiymati qariyb $3 mlrd bo‘lgan yangi aeroport majmualarini barpo etish ishlari olib borilmoqda.
Yangi Toshkent xalqaro aeroporti dastlabki bosqichda yiliga 20 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Loyiha doirasida DXSH bitimlari imzolanib, hududni qurilishga tayyorlash va muhandislik tarmoqlarini ko‘chirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Yangi Buxoro xalqaro aeroportida aerodrom infratuzilmasi barpo etilmoqda. Yo‘lovchi terminalini qurish va boshqarishga xususiy sherikni jalb qilish bo‘yicha xalqaro tender o‘tkazilmoqda.
Shuningdek, Urganch, Namangan aeroportlarini DXSH asosida, Andijon aeroportini xususiy operatorni jalb qilgan holda modernizatsiya qilish loyihalarining borishi ko‘rib chiqildi. Natijada aeroportlarning o‘tkazuvchanligi oshirilib, yo‘lovchilarga xalqaro standartlar asosida xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari kengayadi.
Avtomobil yo‘llari infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga ham eʼtibor qaratildi. O‘tgan oyda qiymati $2,2 mlrd bo‘lgan Toshkent — Samarqand pulli avtomobil yo‘li qurilishiga start berildi. Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi ilk pulli yo‘l ishga tushirildi.
Taqdimotda Toshkent — Samarqand loyihasining keyingi bosqichlarini moliyalashtirish, Toshkent — Andijon va Toshkent — Bo‘stonliq pulli yo‘llari bo‘yicha investorlarni aniqlash hamda amaliy ishlarni boshlash bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.



Temir yo‘l tarmog‘ining o‘tkazuvchanligini oshirish bo‘yicha takliflar taqdim etildi. Bugungi kunda asosiy tranzit yo‘nalishlaridagi qator temir yo‘l uchastkalari yuqori yuklama bilan ishlamoqda.
Sanoat yuklari hajmining ortishi va yangi yuqori tezlikdagi poyezdlar qatnovining yo‘lga qo‘yilishi mavjud infratuzilmaga talabni yanada oshiradi.
Shu bois, Maktaaral — Sirdaryo, Angren — Pop, Toshg‘uzor — Boysun — Qumqo‘rg‘on, Toshkent — Samarqand va To‘qimachi — Angren yo‘nalishlarini modernizatsiya qilish choralari ko‘rib chiqildi. Ushbu ishlarga $200 mln yo‘naltirish hisobiga uchastkalarning o‘tkazuvchanligini 25−30% ga oshirish mumkinligi qayd etildi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston temir yo‘llari tariflarni shakllantirishning yangi metodikasini ishlab chiqayotgani haqida yozgandi.


