Avvalroq prezident transport-logistika sohasidagi yirik loyihalarning borishi yuzasidan taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Unda xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish va dengiz portlari orqali jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari alohida ko‘rib chiqildi.

Kaspiy dengizidagi Oqtau, Turkmanboshi va Boku, Qora dengizdagi Poti va Anakliya portlarida O‘zbekiston ishtirokida logistika infratuzilmasini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdimot qilindi.

Xususan, Poti portida logistika markazini tashkil etish bo‘yicha bitim imzolangan, loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmoqda. Anakliya portini rivojlantirishda, shuningdek, Turkiyaning Samsun va Istanbul portlariga chiqishga xizmat qiluvchi Naxichevan temir yo‘li qurilishida ishtirok etish imkoniyatlari o‘rganilmoqda.

Mazkur loyihalar to‘qimachilik, kimyo, qishloq xo‘jaligi va kon-metallurgiya mahsulotlarini tashqi bozorlarga yetkazib berish yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.

Xalqaro yo‘laklardan samarali foydalanish uchun mamlakatdagi logistika markazlari tarmog‘ini ham kengaytirish zarurligi bildirildi.

Xonobod va Angren shaharlari, Yangiyo‘l, Ohangaron, Olot va Termiz tumanlarini transport-logistikaga ixtisoslashtirish bo‘yicha berilgan topshiriqlar ijrosi yuzasidan axborot berildi.

Toshkent shahri, Toshkent, Andijon, Surxondaryo va Buxoro viloyatlarida jami 17 ta logistika markazi va terminal loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ularni joylashtirish, investorlarni jalb qilish, moliyalashtirish va zarur infratuzilma bilan taʼminlash masalalari muhokama qilindi.

Taqdimotda yuk tashuvlarini raqamlashtirish va sohada yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Yuk tashish sohasida kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushi hali ham 42% dan yuqori ekani ko‘rsatib o‘tildi. Mahalliy yuk transportlarining yagona reyestri, elektron buyurtmalarni shakllantirish va barcha transport xizmatlarini birlashtiruvchi elektron tizim mavjud emasligi bu boradagi asosiy muammolardan hisoblanadi.

Shu bois, yagona raqamli transport tizimini yaratish, tashuvchilar reyestrini shakllantirish, elektron yo‘l varaqasi va buyurtmalarni qabul qiluvchi agregator xizmatini joriy etish taklif qilindi. Xalqaro tashuvlarda elektron ruxsatnomalar almashinuvini kengaytirish va yuk harakatini real vaqtda kuzatish imkoniyatlarini yo‘lga qo‘yish choralari ham ko‘rib chiqildi.

Bu orqali tashuvchilar uchun qulaylik yaratish, norasmiy xizmatlarni qonuniy faoliyatga o‘tkazish va sohada shaffoflikni oshirish ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari taqdim etilgan loyihalarning muddatlari, moliyalashtirish manbalari va kutilayotgan natijalarini aniq belgilab, ularni o‘zaro uyg‘un holda amalga oshirish muhimligini taʼkidladi. Mutasaddilarga muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli topshiriqlar berildi.


Avvalroq Spot Toshkentga kirish joylarida avtoturargoh va bozorlarga ega transport tugunlari tashkil etilishi haqida yozgandi.