Yangi Andijonda qiymati $300 mln bo‘lgan investitsiya loyihasi amalga oshiriladi. Bu haqda Dunyo axborot agentligi xabar berdi.
Loyiha bo‘yicha investitsiya kelishuvi O‘zbekistonning Sanderson City hamda Janubiy Koreyaning U&K Global kompaniyalari o‘rtasida imzolandi. Uni ikki bosqichda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Birinchi bosqich doirasida $45 mln investitsiya hisobidan zamonaviy istirohat bog‘i va xalqaro standartlarga javob beradigan akvapark barpo etiladi.
Majmuadan suv attraksionlari hamda turli yoshdagi tashrif buyuruvchilar uchun dam olish maskanlari o‘rin oladi.
Ushbu obyektlarni 2028-yil 21-mart — Navro‘z bayrami arafasida foydalanishga topshirish rejalashtirilmoqda.


Loyiha Andijonning turistik salohiyatini oshirish, ichki va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish hamda xizmatlar sohasini rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Ikkinchi bosqichda esa umumiy maydoni 750 ming kvadrat metr bo‘lgan turar joy majmuasi quriladi.
Loyiha doirasida zamonaviy shaharsozlik tamoyillari asosida ijtimoiy obyektlar va zarur muhandislik infratuzilmasini barpo etish ham ko‘zda tutilgan.
Mart oyida Xitoy kompaniyasi Andijonda turar-joy majmuasi va xalqaro logistika markazi qurishi rejalashtirilgandi.
Spot, avvalroq, Belarus O‘zbekistondan yana 5 ming nafar mehnat migrantini jalb qilishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.

