O‘zbekiston kapital bozorida $90 mln lik valyuta obligatsiyalarini chiqarish ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu haqda 17-sentabr kuni Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak VIII xalqaro Cbonds konferensiyasida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi uch yil ichida kapital bozori sezilarli darajada o‘zgardi. Joriy yil bozor uchun “burilish yili” bo‘lib, yangi mexanizmlar sinovdan o‘tkazilib, yangi moliyaviy vositalar joriy etila boshlandi.
Xususan, raqamli identifikatsiya, “yashil” obligatsiyalar, shelf ro‘yxatdan o‘tkazish va individual investitsiya hisobvaraqlari joriy qilindi.
ILMA rahbari birinchi o‘rinbosari muhim yutuqlardan biri sifatida dividendlar va foizlarni Markaziy depozitariy hamda investitsiya vositachilari orqali to‘lash tizimi joriy etilganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu dividendlarni olish uchun emitentga murojaat qilish zaruratini deyarli bartaraf etdi. “Bugun bunday muammo yo‘q”, — dedi u.
Kapital bozorida ipoteka obligatsiyalari ham paydo bo‘ldi. “Regulyator qum qutisi” doirasida dastlab 200 mlrd so‘mlik ipoteka obligatsiyalari chiqarildi, shundan so‘ng fond birjasida ushbu vositalar bilan dastlabki REPO bitimlari amalga oshirildi.
Shuningdek, joriy yilda xorijiy valyutada denominatsiya qilingan obligatsiyalarni chiqarish mexanizmi joriy etildi. Hozirga qadar NAPP $90 mln lik obligatsiyalar emissiyasini ro‘yxatdan o‘tkazdi.
“Bu boradagi ishlar izchil davom etmoqda. Yil oxiriga kelib, bu ko‘rsatkichlar bir necha barobar oshishiga umid qilaman”, — dedi Vyacheslav Pak.
ILMA rahbari birinchi o‘rinbosari yilning muhim voqealaridan biri sifatida O‘zbekiston Milliy investitsiya fondining (O‘zNIF) xalqaro IPO’sini qayd etdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, aksiyalarni joylashtirish so‘nggi besh yil ichida London fond birjasidagi eng yirik IPOlardan biri bo‘lgan.
Pak bu holat xalqaro hamjamiyatning O‘zbekiston kapital bozoriga qiziqishi yuqori ekanini ko‘rsatishini ta’kidladi.
Vyacheslav Pakning so‘zlariga ko‘ra, “regulyator qum qutisi” doirasida joriy etilgan va amalda ishlayotgan mexanizmlarni qonunchilikda mustahkamlash rejalashtirilmoqda.
ILMA allaqachon Oliy Majlisga “Kapital bozori to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahriri loyihasini kiritgan. Qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishdan o‘tgan. Agentlik hujjatni yil oxirigacha qabul qilishni kutmoqda.
“U biz rejalashtirgan yangi vositalar va transformatsiyani qonuniy jihatdan mustahkamlaydigan poydevor bo‘ladi”, — dedi u.
Vyacheslav Pak, shuningdek, bozor ishtirokchilari va Milliy investitsiya institutlari assotsiatsiyasi (NIIA) faolligi oshganini ta’kidladi. Uning aytishicha, assotsiatsiya qonun ijodkorligi jarayonlarida faolroq ishtirok etib, bozorning umumiy pozitsiyasini mustahkamlashga hissa qo‘shmoqda.
Avvalroq Spot Uzum 600 mlrd so‘mlik korporativ obligatsiyalarining beshinchi emissiyasini joylashtirgani haqida yozgandi.
