2026-yilning yanvar-sentabr oylarida ipoteka dasturi doirasida fuqarolarga jami 20,9 trln so‘mlik kredit ajratildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,9 trln so‘m yoki 39% ga ko‘p. Joriy yil uchun belgilangan 23 trln so‘mlik dastur 91% ga bajarildi.

Ipoteka krediti olgan fuqarolar soni 67 598 nafarni tashkil etdi.
Ajratilgan kreditlarning 12,8 trln so‘mi (61%) davlat budjeti, 6,1 trln so‘mi (29%) tijorat banklari va 2 trln so‘mi (10%) O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirildi.
Kreditlarning 15,5 trln so‘mi birlamchi uy-joy bozoriga yo‘naltirildi. Bu bozorda berilgan kreditlar soni o‘tgan yilning mos davridagi 37 mingtadan 49,8 mingtaga oshgan. Ikkilamchi bozorga esa 5,2 trln so‘m ajratildi, bu 28% ga ko‘p.

1-oktabr holatiga ipoteka kreditlari bo‘yicha jami 1,2 trln so‘m subsidiya to‘langan. Shundan 800,3 mlrd so‘mi kredit foizlarini qoplashga, 407,8 mlrd so‘mi esa 13 722 nafar fuqaroning boshlang‘ich badalini to‘lashga yo‘naltirildi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yilning birinchi yarmida ipoteka kreditlari hajmi 13,1 trln so‘mni tashkil etgan. Demak, uchinchi chorakda qariyb 7,8 trln so‘mlik kredit ajratilgan.

Avvalroq Spot O‘zbekistonda yarim yilda 13,1 trln so‘mlik ipoteka krediti ajratilgani haqida yozgan edi.