2026-yilning dastlabki olti oyida O‘zbekistonda ipoteka kreditlari hajmi 13,1 trln so‘mni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank hisobotida keltirilgan. Ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga (9,5 trln so‘m) nisbatan qariyb 38% ga oshgan.

Jami 42 575 nafar fuqaroga uy-joy xarid qilish uchun mablag‘ ajratilgan bo‘lib, ularning 54%i erkaklar, 46%i esa ayollardir. Ipoteka kreditlarining o‘rtacha foiz stavkasi respublika budjeti mablag‘lari hisobidan berilgan kreditlarda 16,8%, O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan 21,6%, tijorat banklari mablag‘lari hisobidan esa 20,1% bo‘ldi.

Yosh toifalari bo‘yicha kredit oluvchilarning asosiy qismini 31−50 yoshdagilar tashkil etdi — 65% yoki 27 516 nafar. 18−30 yoshdagilar ulushi 25% (10 903 nafar), 51 yoshdan yuqorilar esa 10% (4 156 nafar) bo‘ldi.

Ajratilgan kreditlarning 75%i yoki 9,8 trln so‘mi birlamchi uy-joy bozoriga yo‘naltirilib, undan 31 995 nafar fuqaro foydalandi. Qolgan 25% yoki 3,3 trln so‘m ikkilamchi uy-joy bozorida xonadon xarid qilgan 10 580 nafar fuqaroga ajratildi.

Hududlar kesimida eng ko‘p ipoteka krediti Toshkent shahrida berilgan — 4,01 trln so‘m. Keyingi o‘rinlarda Andijon (1,11 trln so‘m), Qashqadaryo (963 mlrd so‘m), Farg‘ona (888 mlrd so‘m) va Surxondaryo (834 mlrd so‘m) viloyatlari qayd etildi. Eng kam hajm esa Sirdaryo (356 mlrd so‘m), Jizzax (414 mlrd), Buxoro (505 mlrd) viloyatlari hamda Qoraqalpog‘istonda (508 mlrd) ajratildi.

Banklar orasida Xalq banki 2,19 trln so‘m bilan yetakchilik qildi. Undan keyingi o‘rinlarda Agrobank (1,96 trln so‘m), O‘zmilliybank (1,67 trln so‘m), Ipoteka-bank (1,57 trln so‘m) hamda O‘zsanoatqurilishbank (1,286 trln so‘m) joy oldi.

Avvalroq Spot Milliy statistika qo‘mitasi uy-joy narxlarini yangi usulda hisoblay boshlagani haqida yozgan edi. Natijada, O‘zbekistonda turar joy narxlari bir yil davomida o‘rtacha 4% ga oshgani aniqlandi.