Milliy statistika qo‘mitasi uy-joy narxlarini hisoblashning yangi usuliga o‘tganini ma’lum qildi.
2026-yilning ikkinchi choragidan boshlab uy-joy narxlari indekslari gedonik regressiya usuli asosida hisoblanmoqda. Ushbu metodologiya narxni ko‘chmas mulkning maydoni, joylashuvi, qavati kabi sifat xususiyatlariga bog‘liq holda baholaydi, natijada indeks bozordagi real narx dinamikasini aniqroq aks ettiradi.
Yangi metod bo‘yicha hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yil aprel-iyun oylarida O‘zbekistonda turar joy ko‘chmas mulki narxlari birinchi chorakka nisbatan 1,3% ga, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 4% ga oshgan.
Bir yil ichida kvartiralar narxi o‘rtacha 5,5% ga qimmatlagan. Shundan birlamchi bozordagi uylar narxi 7,1% ga, ikkilamchi bozordagi kvartiralar esa 4,2% ga oshgan.
Yakka tartibdagi uylar narxi esa 2025-yilning ikkinchi choragiga nisbatan 2% ga ko‘tarilgan. Hududlar kesimida Toshkentda kvartiralar narxi bir yilda 3,9% ga, mamlakatning qolgan hududlarida 7% ga oshgan.
Qo‘mita avvalgi usullarda sotilgan uy-joylarning tarkibiy o‘zgarishi narx dinamikasiga ta’sir qilishi mumkinligini, yangi yondashuv esa aynan narxlarning o‘zgarishini ajratib ko‘rsatishga xizmat qilishini qayd etdi.
Hisob-kitoblar uchun asosan OLX.uz platformasidagi e’lonlar, shuningdek hududlarda riyeltorlar va ko‘chmas mulk kanallaridagi ma’lumotlardan foydalaniladi. 2026-yilning birinchi yarmida har chorakda respublika bo‘yicha qariyb 150 mingta narx ma’lumoti qayd etilgan.
Yangi metodologiya asosida 2024-yildan boshlab narx indekslari qayta hisoblab chiqildi. Natijalar har chorakda Milliy statistika qo‘mitasining rasmiy saytida e’lon qilinadi.
Avvalroq Spot ko‘chmas mulkni kech ro‘yxatdan o‘tkazganlardan jarima o‘rniga oshirilgan to‘lov undirilishi haqida yozgan edi.