Avvalroq Spot prezidentning 15-iyuldagi qarori bilan aholiga ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlarini yaxshilash hamda qo‘shimcha qulayliklar yaratish choralari belgilangani haqida yozgan edi.

Hujjat bilan ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va uy-joyga oid ayrim tartiblar o‘zgartirildi.

Unga ko‘ra, ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni o‘z vaqtida davlat ro‘yxatidan o‘tkazmagan fuqarolarga ma’muriy javobgarlik qo‘llanmaydi. Buning o‘rniga kechiktirilgan muddatdan kelib chiqib, ro‘yxatdan o‘tkazish uchun oshirilgan stavkada to‘lov undiriladi.

Shuningdek, meros yoki yaqin qarindoshidan hadya tariqasida olingan turar joyni sotishda daromad solig‘idan ozod etish muddati endilikda meros qoldiruvchi yoki hadya qiluvchining ushbu uyga bo‘lgan mulk huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanadan boshlab hisoblanadi.

Bundan tashqari, taqiq yoki xatlov qo‘yilgan turar joyda garovga oluvchining roziligisiz yashash va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Biroq ro‘yxatdan o‘tkazilayotgan shaxs mulkdor, garovga oluvchi, taqiqni qo‘yishga yoki yechishga mas’ul organning ichki ishlar organlariga murojaati asosida uning propiskasi bekor qilinishiga oldindan rozilik berishi shart bo‘ladi.

Joriy yilning fevral oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan (PF-29-son) ipoteka krediti asosida sotib olingan uyga fuqarolarni uy egasi arizasi va garovga oluvchining (bank) roziligi bilan yashash joyi va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilishi belgilangan edi.

May oyida Iqtisodiyot va moliya vazirligi bo‘limi boshlig‘i Javohirbek Amonov mazkur tartib allaqachon amaliyotga joriy etilgani va farmon kuchga kirgan kundan boshlab qo‘llanilayotganini ma’lum qildi.

Avvalroq Spot qurilishi bitmagan uyda fuqarolar yashashiga ruxsat berganlar javobgarlikka tortilishi haqida yozgan edi.