O‘zbekistonda ipotekaga olingan uyda bank roziligi bilan ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat berildi. Bu haqda 12-may kuni Iqtisodiyot va moliya vazirligida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda Ipoteka va uy-joy dasturlarini moliyalashtirish va hisobini yuritish bo‘limi boshlig‘i Javohirbek Amonov ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Joriy yilning fevral oyida qabul qilingan prezident farmoni bilan (PF-29-son) ipoteka krediti asosida sotib olingan uyga fuqarolarni uy egasi arizasi va garovga oluvchining (bank) roziligi bilan yashash joyi va turgan joy bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat berilishi belgilangan edi.
Amonov bu masala o‘tgan yilgi ochiq muloqotlarda ham ko‘tarilganini, shu bilan birga, aholi tomonidan ham “propiska” bo‘yicha murojaatlar kelib tushganini ta’kidladi. Shundan kelib chiqib, bunga ruxsat berilgan.
“Hozirgi kunda bu tartib amaliyotga joriy etilgan. Ya’ni, ipotekaga sotib olingan, bank garovida bo‘lgan uy-joylarga farmon qabul qilingan kundan boshlab uy egasining arizasi va bank ruxsati bilan fuqarolarni “propiska"ga qo‘yish mumkin”, — dedi u.
Bundan tashqari, vazirlik bo‘limi boshlig‘i hozirda ijtimoiy soliqni ixtiyoriy to‘liq to‘lagan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolarga ham ipoteka kreditlari ajratilayotganini ma’lum qildi. Biroq, hozircha bu bo‘yicha aniq statistik ma’lumotlar mavjud emas.
Ushbu tartib bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilangan: 2026-yilda o‘zini o‘zi band qilganlarning oxirgi bir yil, 2027-yilda — ikki, 2028-yildan boshlab esa oxirgi uch yillik soliqlar hisobga olinadi.
Avvalroq Spot Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikkilamchi ko‘chmas mulk bozori uchun ham ipoteka kreditlariga subsidiya ajratishni istisno qilmagani haqida yozgan edi.