Iqtisodiyot va moliya vazirligi ikkilamchi ko‘chmas mulk bozori uchun ham ipoteka kreditlariga subsidiya ajratishni istisno qilmayapti. Bu haqda 12-may kuni bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi, deya xabar berdi Spot muxbiri.
Vazirlikning Urbanizatsiya jarayonlari, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka dasturlarini muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig‘i Rasul Xamidov bugungi kunda budjet mablag‘laridan ajratiladigan subsidiyalar faqat birlamchi bozorda uy-joy xarid qilish uchun yo‘naltirilayotganini ta’kidladi. Ikkilamchi bozorga subsidiya ajratish masalasi esa hozircha ko‘rib chiqilayotgani yo‘q.
Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy maqsad — aholining yashash uchun qulay hamda energiya samarador uylarga ko‘chib o‘tishini rag‘batlantirish. Shu bilan birga, birlamchi bozorni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash orqali qurilish sektorini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
“Bu orqali nafaqat ijtimoiy sohani, balki iqtisodiyotni ham qo‘llab-quvvatlash maqsad qilingan. Shuning uchun budjet mablag‘ini ikkilamchi bozorga ham berish masalasi kun tartibida hozircha yo‘q. Balki kelgusida qaysidir miqdorda yoki qaysidir yo‘nalishlarda berish maqsadga muvofiq deb topilsa, buni ko‘rib chiqishimiz mumkin”, — dedi Rasul Xamidov.
Rasul Xamidov (o‘ngdan birinchi). Foto: Iqtisodiyot va moliya vazirligi
Joriy yilning 16-martidan ipoteka kreditlari bo‘yicha subsidiyalar uchun arizalar qabuli boshlandi. Ularni Davlat xizmatlari markazlari, myGov ilovasi yoki my.gov.uz portali orqali topshirish mumkin.
Subsidiyalar faqat birlamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun ajratiladi. Boshlang‘ich to‘lovni qoplash uchun 30 mln so‘mgacha mablag‘ beriladi, kredit foizlarining bir qismi ham qoplab beriladi. Joriy yilda 30 ming nafar talabgorga subsidiya ajratish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 20-apreldan o‘qituvchilar uchun ipoteka subsidiyalariga ham arizalar qabul qilinmoqda. Pedagoglar 15 yil ish stajiga, oliy malaka toifasi yoki bosh o‘qituvchi lavozimiga ega bo‘lishlari kerak.
Avvalroq Toshkentda uy-joylar maoshga nisbatan qanchalik arzonlashgani haqida xabar berilgandi.
