O‘zbekistonda 2025-yilda uy-joy ommabopligi sezilarli darajada yaxshilangani qayd etildi — bu rivojlanayotgan bozorlarda kam uchraydigan holat bo‘lib, aholining daromadlari ko‘chmas mulk narxlariga nisbatan tezroq o‘smoqda. Bu haqda Markaziy bank sharhida keltirilgan.

Yil yakunlariga ko‘ra, o‘rtacha ish haqi 19% ga, aholi jon boshiga daromadlar esa 16,6% ga oshdi. Bu sur’atlar uy-joy narxlari o‘sishidan yuqori bo‘lib, bir kvadrat metr narxining daromadlarga nisbati pasayishiga olib keldi.

investitsiya, ko‘chmas mulk, markaziy bank, narxlar, uy-joy

Barcha hududlarda ushbu ko‘rsatkich pasaygan bo‘lsa-da, eng yaqqol o‘zgarish Toshkentda kuzatildi. Poytaxtda 1 kvadrat metrning o‘rtacha narxi (14,9 mln so‘m) va o‘rtacha ish haqi (10,7 mln so‘m) o‘rtasidagi nisbat 1,77 dan 1,38 gacha kamaydi. Ya’ni, bir oylik o‘rtacha maosh endi kvadrat metr qiymatining 72% ini qoplaydi (avval 58% edi). Shunday qilib, yaxshilanish 14% ni tashkil etdi.

Markaziy bank ushbu tendensiya davom etishini kutmoqda: amaldagi makroiqtisodiy sharoitda daromadlar uy-joy narxlariga nisbatan tezroq o‘sishda davom etadi.

Barqarorlashuv

So‘nggi ikki yilda uy-joy narxlari o‘zining nisbanat barqaror fazasiga o‘tdi. 2025-yilning to‘rtinchi choragida birlamchi bozorda narxlar 1,3% ga pasaydi, ikkilamchi bozorda esa 0,7% ga oshdi. Yillik hisobda esa mos ravishda 4,4% va 5,9% pasayish qayd etildi.

Asosiy omil — taklifning kengayishidir. O‘tgan yilda mamlakatda 135 mingta xonadon foydalanishga topshirildi, umumiy uy-joy fondi esa 734,4 mln kvadrat metrga yetdi. Aholining uy-joy bilan ta‘minlanganlik darajasi jon boshiga 15,7 kvadrat metrdan 19,2 kvadrat metrgacha oshdi.

Taklif oshishi bozorga tez ta‘sir ko‘rsatdi: oldi-sotdi bitimlari soni 15,2% ga ko‘payib, 295,4 mingtaga yetdi. Ipoteka asosida tuzilgan bitimlar ulushi esa 23,8% gacha oshdi.

investitsiya, ko‘chmas mulk, markaziy bank, narxlar, uy-joy

Investitsiyalar poydevor sifatida

Markaziy bankka ko‘ra, taklifni qo‘llab-quvvatlash tizimli tus olgan. 2025-yilda qurilishga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi 313,9 trln so‘mni tashkil etib, bu bir yilda 14,2% ga oshdi. Mablag‘larning salmoqli qismi ko‘p xonadonli uylar va infratuzilma qurilishiga, jumladan, Yangi O‘zbekiston dasturi doirasidagi loyihalarga yo‘naltirilgan.

Uzoq muddatli rejalar yana-da kengroq: 2040-yilgacha har yili quriladigan uy-joylar sonini ikki barobarga oshirib, 421 mingtaga yetkazish rejalashtirilgan. Bu esa taklifning hozirgi o‘sishi shunchaki oraliq bosqich ekanini anglatadi.

Spot, avvalroq, Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uy-joylarga investitsiyalar daromadliligi xususida yozgandi.