Avvalroq prezidenth sunʼiy intellekt va raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda sunʼiy intellekt texnologiyalarini qo‘llashning sohaviy yo‘nalishlariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.
Xususan, sog‘liqni saqlash sohasida insult va ko‘krak bezi saratonini erta aniqlash, tibbiy ko‘riklarni avtomatlashtirish hamda raqamli tibbiy yordamchilarni joriy etish rejalashtirilgan.
Qishloq xo‘jaligida hosildorlikni prognoz qilish, fitosanitar xavflar bo‘yicha fermerlarni ogohlantirish va yaylovlar holatini monitoring qilish tizimlari kengaytiriladi.
Transport sohasida yo‘l va temir yo‘l infratuzilmasini monitoring qilish, haydovchilarni xavfli vaziyatlardan ogohlantirish hamda “aqlli” transport tizimlarini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
Qurilish va sanoatda esa qonunbuzarliklarni aniqlash, smeta hujjatlarini ko‘rib chiqish muddatini qisqartirish va videotahlil asosida ishlab chiqarish jarayonlarini nazorat qilish loyihalari kengaytiriladi.
Infratuzilmani rivojlantirish bilan birga mahalliy startaplarni qo‘llab-quvvatlash va aholi, ayniqsa, yoshlarning raqamli ko‘nikmalarini shakllantirish masalalari ham muhokama qilindi.
Mamlakatda startaplar soni 950 taga yetib, ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 37,5% ga o‘sdi. Venchur fondlarning soni 22 taga yetib, ekotizim qiymati esa $4,3 mlrd deb baholanmoqda. Startaplarga kiritilgan investitsiyalar hajmi $132 mlnni tashkil etgani taʼkidlandi.
Joriy yildan boshlab startaplar bo‘yicha prezident tanlovining mukofot jamg‘armasi AT yo‘nalishida $5 mlnga oshirilgani, sunʼiy intellekt yo‘nalishida esa $1 mlnlik yangi tanlovlar joriy qilingani maʼlum qilindi.
Shuningdek, President AI Award‘ni davlat boshqaruvi, sanoat va tadbirkorlik, sog‘liqni saqlash, taʼlim, yashil iqtisodiyot va agrotexnologiyalar kabi 5 yo‘nalishda tashkil etish taklifi bildirildi.
2030-yilgacha axborot texnologiyalari sohasida 300 ming yoshning bandligini taʼminlashga qaratilgan choralar ham ko‘rib chiqildi. Buning uchun hududlarda raqamli ekotizimni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksportbop xizmatlar ko‘lamini oshirish va startaplarning o‘sish nuqtalarini ko‘paytirish zarurligi taʼkidlandi.
Shu munosabat bilan Samarqand, Namangan, Sirdaryo va Buxoroda IT-Parkning yangi filiallari, Nurafshon shahrida esa raqamli R&D markazini tashkil etish bo‘yicha rejalar haqida axborot berildi.
Nurafshon shahrida 7,3 gektar maydonda tashkil etiladigan mazkur markaz doirasida 6 ta yuqori texnologiyali laboratoriya, sunʼiy intellekt uchun 200 ta GPUli hisoblash markazi, startap kampusi va tijoratlashtirish markazini barpo etish ko‘zda tutilgan.
Loyihaning umumiy qiymati $200 mlnni tashkil etib, uni 2027−2031-yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.
Spot, avvalroq, Farg‘onadagi IT-parkda sunʼiy intellekt xabi tashkil etilishi haqida yozgandi.