Shavkat Mirziyoyev sunʼiy intellekt va raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekiston-2030 strategiyasiga muvofiq, AT xizmatlari va dasturiy mahsulotlar eksportini $5 mlrdga yetkazish, sohada 300 ming nafar yoshlarni band qilish hamda BMTning Elektron hukumat indeksida mamlakatni dunyoning yetakchi 30 davlati qatoriga kiritish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.
Oxirgi besh yilda sohadagi yalpi qo‘shilgan qiymat o‘rtacha 24,8% ga o‘sib, mazkur ko‘rsatkich YIM o‘sish surʼatlaridan 3,5 barobar yuqori bo‘lgan. Axborot va aloqa tarmog‘ida band bo‘lganlar soni 2017-yildagi 64,3 ming nafardan 108,8 ming nafarga, o‘zini o‘zi band qilganlar soni esa 10 mingdan 181 ming nafarga yetgan.
Hozirgi kunda sohada 11,9 mingdan ziyod korxona faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning qariyb 1,4 mingtasi xorijiy kapital ishtirokida tashkil etilgan.
Shu bilan birga, hozirda sunʼiy intellekt yo‘nalishida 100 ga yaqin amaliy loyiha va 200 dan ortiq tajriba-sinov tashabbuslari boshlangan. Jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasida sunʼiy intellekt yordamida ishlab chiqarish zanjirini real vaqt rejimida tahlil qilish yo‘lga qo‘yilgani natijasida energiya sarfi 10% ga, tannarx 15% ga qisqargan, mehnat unumdorligi esa 10% ga oshgan.
Bunday loyihalar samaradorligini taʼminlash uchun $24 mlnlik GPU-klasterga ega sunʼiy intellekt infratuzilmasi ishga tushirilgan. Yil yakunigacha qo‘shimcha hisoblash quvvatlarini kengaytirish uchun yana $45 mlnlik uskunalarni jalb qilish rejalashtirilgan.
Endi bu infratuzilmadan to‘g‘ri va samarali foydalanish, uni tarmoqlar kesimida aniq natija beradigan yechimlar bilan bog‘lash muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Shu maqsadda tibbiyot, energetika, transport, bojxona, soliq, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarga oid 130 dan ziyod maʼlumotlar bazasini tizimlashtirish, ular bilan ishlash muhitini shakllantirish hamda sunʼiy intellekt modellarini joriy qilish rejalari ko‘rib chiqildi.
Bu orqali davlat xizmatlarida foydalanuvchilarga taqdim etiladigan servislarni kengaytirish, davlat boshqaruvi jarayonlarida tahlil va qaror qabul qilish sifatini oshirish, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarida xarajatlarni kamaytirish va samaradorlikni yuksaltirish ko‘zda tutilmoqda.
Spot, avvalroq, yangi investitsiya loyihalarini tanlash uchun sun‘iy intellekt asosida platforma ishga tushirilishi haqida yozgandi.