Avvalroq prezident raisligida birinchi chorak yakunlari va qolgan davrda qilinadigan ishlar muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Davlat rahbari har bir yangi loyiha, har bir dollar sarmoya faqat va faqat qo‘shilgan qiymat, yuqori daromadli ish o‘rni va eksportni ko‘paytirishga xizmat qilishi kerakligini taʼkidladi.
“Oddiy qilib aytganda, hamma rahbarlar uchun investitsiya sifati asosiy mezon bo‘lishi shart”, — dedi prezident.
Qayd etilishicha, investitsiya loyihalarini ishga tushirilganidan keyin monitoring qilish platformasi yaratilgan. Soliq, bojxona, bandlik, kadastr, kommunal idoralar axborot bazasiga integratsiya qilingan ushbu platforma korxonalar faoliyatini 39 ta ko‘rsatkich bo‘yicha tahlil qilib bermoqda.
Oxirgi uch yilda ishga tushgan 688 ta korxonadan 210 tasi quvvatidan to‘liq foydalanmayotgani aniqlangan. Oqibatda 33 trln so‘mlik ishlab chiqarish boy berilgan, 23 ming ish o‘rni bo‘sh turibdi.
Bu hokimlarning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari faoliyatiga berilgan haqiqiy baho ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga 210 ta korxona kesimida “yo‘l xaritasi"ni tuzib, muammolar yechimi bo‘yicha aniq muddat va mas‘ullarni belgilash topshirildi.
Hokimlarning investitsiya bo‘yicha o‘rinbosarlari ushbu korxonalarga borib, ular bilan yaqindan ishlaydi, qaysi korxonada nima ish qilganini platformaga kiritadi. Birinchi yarim yillik yakuni bilan mazkur korxonalarni “oyoqqa turg‘azmasa”, lavozimiga loyiqligi ko‘rib chiqilishi haqida ogohlantirildi.
Joriy yilda $53 mlrd xorijiy investitsiya jalb qilish maqsad qilingan.
“Qachonki rahbarlar birinchi qadamdan boshlab, to‘g‘ri loyiha tanlasa va shunga mos salohiyatli investor topsa, shunda investitsiyada sifat bo‘ladi”, — dedi prezident.
Mutasaddilarga sun‘iy intellekt yordamida mavjud quvvatlar, ichki va tashqi bozordagi talabni o‘rganib, qayerda, qanday loyiha qilish bo‘yicha yechim beradigan platformani ishga tushirish topshirildi.
Investor va konsalting kompaniyalariga ushbu platformadan “yagona darcha” tamoyili asosida foydalanish uchun sharoit yaratiladi.
Mamlakatda xorijiy investitsiya ishtirokida 18 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritayotgani aytildi. Lekin ishlab chiqarishi bor 526 ta korxona biror marta ham eksport qilmagan.
Shu bilan birga, yana 767 ta xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona faqat chetdan tovar olib kelib, sotish bilan shug‘ullanyapti.
“Nega buni aytyapman? Bularning mablag‘i, tadbirkorlik ko‘nikmasi, ichki va tashqi bozorda hamkori, ko‘pchiligida brendi bor”, — dedi prezident.
Ushbu korxonalar bilan ishlab, chetdan olib kelib sotayotgan mahsulotlarini mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun ularga loyihalar taklif etish muhimligi ta‘kidlandi.
Shuningdek, ularni mahalliy tadbirkorlar bilan bog‘lab, ehtiyot va butlovchi qismlar ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiyani rivojlantirish zarurligi qayd etildi. Ichki bozorda ishlayotgan korxonalarning eksportga chiqishi uchun qanday yordam kerakligi ham o‘rganiladi.
Mutasaddilarga bu borada alohida dastur ishlab chiqish topshirildi.
Spot, avvalroq, prezident yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashni tumanbay tashkil etishni topshirgani haqida yozgandi.