Avvalroq prezident raisligida birinchi chorak yakunlari va qolgan davrda qilinadigan ishlar muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.

Unda 2025-yili yashirin iqtisodiyot bo‘yicha alohida farmon imzolanib, bu masalaga qattiq kirishilgani aytib o‘tildi.

Lekin birinchi chorakda kuzatilmaydigan iqtisodiyot Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Xorazmda 40% dan, Andijon, Farg‘ona, Buxoroda 30% dan yuqori bo‘ldi.

Buxoro viloyatidagi holat tahlil qilinganda, o‘tgan yili faoliyatini go‘yoki to‘xtatgan 900 dan ziyod korxona yanvar-fevral oylarida 1,3 mln kVt-soat elektr, 480 ming kub metr gaz ishlatgani aniqlandi.

Shuningdek, 12,5 mingta transport vositasida yuklar norasmiy tashilgani oqibatida 40 mlrd so‘m soliq tushumi boy berilgan. Birinchi chorakning o‘zida uy-joy narxini kamaytirib ko‘rsatish oqibatida 1,8 trln so‘mlik pul aylanmasi yashirilgan.

Viloyat prokurorlari, ichki ishlar va soliq boshqarmalariga xufiyona iqtisodiyot bilan kurashishda ishni qanday tashkil qilish bo‘yicha aniq metodologiya qilib berildi.

Endi barcha hududlarda ishni shu tartibda tumanbay tashkil qilish topshirildi.

Spot, avvalroq, inflyatsiya importi ichki narx-navoga 1% gacha qo‘shimcha bosimni yuzaga keltirayotgani haqida yozgandi.