Toshkent va Navoiy viloyatlarida qalbaki $120 mingni sotgan shaxslar ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.

Angren shahri bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda fuqarolar M.Yu. (muqaddam sudlangan), M.A. va Z.A. fuqaro A.D.ga $100 lik kupyuralardagi qalbaki $80 mingini $40 mingga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Shuningdek, Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.

Unda fuqaro I.Q. fuqaro R.B.ga $100 lik kupyuralardagi qalbaki $40 mingini $28 mingga sotishga kelishib, uning $10 mingini sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qog‘ozlar yasash, ularni o‘tkazish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq Spot Farg‘onada soliq keshbeki orqali 3,2 mlrd so‘m talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Sxema doirasida jami 211,5 ming kishi Soliq mobil ilovasi orqali 28,5 mlrd so‘mlik keshbek hisoblanishini rasmiylashtirgan.

Bundan tashqari, Andijon viloyatida Soliq ilovasi orqali 35,1 mlrd so‘m mablag‘lar keshbek sifatida talon-toroj qilingani aniqlangani haqida xabar berilgandi.

6 nafar fuqaro va boshqalar o‘zaro til biriktirib, fuqaro O‘.Q.ning nomiga 3 ta, fuqaro N.Y.ning nomiga 5 ta va R.X.ning nomiga 1 ta korxona tashkil qilgan.

Ular mazkur korxonalar o‘rtasida hech qanday moliyaviy aloqalar amalga oshirilmagan bo‘lsa ham, kompyuterdan foydalangan holda mart-aprel oylarida jami 1,1 trln so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilganligi haqida soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirgan.

Bu orqali go‘yoki savdodan tushgan pulni onlayn nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotilganligi haqida xarid cheklarini chiqargan.

Natijada jami 100 mingdan ortiq fuqaroga Soliq ilovasi orqali keshbek sifatida to‘lab berilgach, 35,1 mlrd so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.