Andijon viloyatida Soliq ilovasi orqali 35,1 mlrd so‘m mablag‘lar keshbek sifatida talon-toroj qilingani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.

6 nafar fuqaro va boshqalar o‘zaro til biriktirib, fuqaro O‘.Q.ning nomiga 3 ta, fuqaro N.Y.ning nomiga 5 ta va R.X.ning nomiga 1 ta korxona tashkil qilgan.

Ular mazkur korxonalar o‘rtasida hech qanday moliyaviy aloqalar amalga oshirilmagan bo‘lsa ham, kompyuterdan foydalangan holda mart-aprel oylarida jami 1,1 trln so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilganligi haqida soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirgan.

Bu orqali go‘yoki savdodan tushgan pulni onlayn nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotilganligi haqida xarid cheklarini chiqargan.

Natijada jami 100 mingdan ortiq fuqaroga Soliq ilovasi orqali keshbek sifatida to‘lab berilgach, 35,1 mlrd so‘m byudjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.

Viloyat soliq boshqarmasi masʼul shaxslari va boshqalar ushbu korxonalar tomonidan jami 1,1 trln so‘mlik EHFlar rasmiylashtirilganligi holatlari bo‘yicha korxonalarning QQS guvohnomalarini bekor qilish choralarini ko‘rmagan.

Shuningdek, shubhali operatsiyalar haqida departament organlariga xabar bermagan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2025-yili aholiga 1,5 trln so‘mdan ortiq keshbek qaytarilgan edi.


Spot, avvalroq, O‘zbekistonda yangi xarid qilingan uy-joy uchun keshbek qaytarish bo‘yicha taklif ishlab chiqilgani haqida yozgandi.