Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti soliq keshbek sxemalari yordamida talon-toroj qilishning yana bir holati haqida ma’lum qildi.

Farg‘ona viloyatida yashovchi uch nafar fuqaro — M.X., M.X. va K.I. oldindan til biriktirib, Telegramda bir nechta guruh ochgan. Ular ushbu guruhlar orqali 7 ta firma nomidan keshbek qaytarib olish huquqini beruvchi xarid cheklarini rasmiylashtirgan. Keshbek miqdori “Ijtimoiy reyestr"dagi shaxslar uchun 12% ni, qolganlar uchun esa 1% ni tashkil etgan.

Gumonlanuvchilar hech qanday moliyaviy aloqalari bo‘lmasa-da, kompaniyalar tomonidan 3,3 trln so‘mlik tovar va xizmatlar xarid qilingani to‘g‘risida soxta elektron hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirgan. So‘ngra ular kassa apparatlari orqali go‘yo tushum sifatida olingan pullarning kelib tushishini rasmiylashtirishgan.

Sxema doirasida jami 211,5 ming kishi Soliq mobil ilovasi orqali 28,5 mlrd so‘mlik keshbek hisoblanishini rasmiylashtirgan. Shundan 3,2 mlrd so‘mi to‘lab berilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167 (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228 (hujjatlar, blankalar, shtamplar va muhrlarni qalbakilashtirish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq Andijon viloyatida Soliq ilovasi orqali 35,1 mlrd so‘m mablag‘lar keshbek sifatida talon-toroj qilingani aniqlangani haqida xabar berilgandi.

6 nafar fuqaro va boshqalar o‘zaro til biriktirib, fuqaro O‘.Q.ning nomiga 3 ta, fuqaro N.Y.ning nomiga 5 ta va R.X.ning nomiga 1 ta korxona tashkil qilgan.

Ular mazkur korxonalar o‘rtasida hech qanday moliyaviy aloqalar amalga oshirilmagan bo‘lsa ham, kompyuterdan foydalangan holda mart-aprel oylarida jami 1,1 trln so‘mlik mahsulotlar yetkazib berilganligi haqida soxta elektron hisob-fakturalar rasmiylashtirgan.

Bu orqali go‘yoki savdodan tushgan pulni onlayn nazorat kassa mashinalari orqali kirim qilib, fuqarolarga sotilganligi haqida xarid cheklarini chiqargan.

Natijada jami 100 mingdan ortiq fuqaroga Soliq ilovasi orqali keshbek sifatida to‘lab berilgach, 35,1 mlrd so‘m budjet mablag‘lari talon-toroj qilingan.


Avvalroq Spot Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq qariyb $90 mlnlik korrupsion sxema fosh etilgani haqida yozgandi.