Shavkat Mirziyoyev aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish, shuningdek, yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Taqimotda yo‘l-transport hodisalarining oldini olish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.
Ayrim fuqarolar tomonidan voyaga yetmagan shaxslarga transport vositasini boshqarishga ruxsat berilayotgani, bu esa yo‘llarda o‘lim va jiddiy jarohat olish holatlariga sabab bo‘layotgani qayd etildi.
Shu bois, yangicha yondashuv asosida yo‘l harakati qoidalariga rioya etilishini ta’minlash, og‘ir oqibatli avariyalarning oldini olish, buning uchun javobgarlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari hamda kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilgan qonun mazmun-mohiyati haqida maʼlumot berildi. Ushbu qonun parlament tomonidan qabul qilingan.
Qonun bilan Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli yangi bob kiritilib, narkolaboratoriya va bangixona tashkil etish, narkotiklar noqonuniy muomalasiga rahnamolik qilish kabi qilmishlar uchun alohida javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, 10 dan ortiq qilmish bo‘yicha jazolar kuchaytiriladi.
Taqdimotda “Narkotiklar va kuchli taʼsir qiluvchi moddalar to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
Unda narkojinoyatlarga qarshi kurash, internet orqali tarqatilayotgan sintetik narkotiklarga chek qo‘yish, profilaktika va reabilitatsiya tizimini takomillashtirish, shuningdek, moddalar muomalasi ustidan elektron nazoratni kuchaytirish nazarda tutilgan.
Prezident giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashishni zamon talablari asosida tashkil etish, yoshlar orasida mazkur illatning tarqalishiga qatʼiy chek qo‘yish, shuningdek, yo‘llarda inson hayoti va xavfsizligini taʼminlash bo‘yicha takliflarni maʼqulladi. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.
Mart oyi boshida O‘zbekistonda yo‘l kameralari “prava"si yo‘q haydovchilarni avtomatik aniqlashni boshladi. Bunday kameralar shaxsning yuzini aniqlash funksiyasiga ega bo‘lib, qoidabuzarliklarga nisbatan onlayn ravishda chora ko‘riladi.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda 12 balldan ortiq jarima yig‘gan haydovchilar soni 107 nafarga yetgani haqida yozgandi.
Ular sud qarori bilan haydovchilik huquqidan mahrum qilinib, qayta o‘qish va imtihon topshirishga yuboriladi.