O‘zbekistonda jarima ballari miqdori 12 balldan oshgan haydovchilar soni 107 nafarga yetdi. Bu haqda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, bir yil davomida 12 ball to‘plagan haydovchilar sud orqali haydovchilik huquqidan mahrum etiladi.
Shundan so‘ng ular avtomototransport vositalari haydovchilarini tayyorlash yoki qayta tayyorlash bo‘yicha to‘liq o‘quv kursini o‘taydi hamda qayta nazariy va amaliy imtihon topshiradi.
Nazariy imtihon odatdagidek 20 ta emas, 50 ta savoldan iborat bo‘ladi. Imtihondan o‘tish uchun kamida 46 ta savolga to‘g‘ri javob berish talab etiladi.
Haydovchilarga o‘zlaridagi jarima ballari sonini Safe Road mobil ilovasi orqali tekshirishi mumkinligi eslatib o‘tildi.
Jarima ball tizimi
YHXX 2025-yil 1-iyundan yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 12 ta moddasi asosida yozilgan bayonnomalar asosida jarima ballari hisoblanishini eslatdi.
Jarima ballari 8 ballga yetganda haydovchi SMS orqali ogohlantiriladi. 12 balldan oshganda esa haydovchilik huquqi sud tartibida bekor qilinadi.
Joriy yilning 1-aprelidan qoidabuzarliklarni avtomatik ravishda aniqlovchi qurilmalar tomonidan aniqlangan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblana boshlandi. Bu qoidabuzarliklarga svetoforning taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmaslik, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish, yo‘lning qarama-qarshi qismida harakatlanish va tezlikka amal qilmaslik kiradi.
8-may holatiga O‘zbekistonda 12 jarima balli yig‘gan haydovchilar soni 49 nafarga yetgandi. Umumiy 132 ta haydovchi 8 balldan yuqori ball olgan edi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda avtomobil odometrini “aylantirganlar” javobgarlikka tortilishi haqida yozgandi.