O‘zbekistonda jarima ballari 12 balldan oshgan haydovchilar soni 49 nafarga yetdi. Bu haqda Gazeta YHXX matbuot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshevga tayanib xabar berdi.

Haydovchilarning hujjatlari qonuniy qaror qabul qilish uchun sud organlariga yuborildi.

Zoyir Yo‘ldoshevga ko‘ra, umumiy 132 ta haydovchi 8 balldan yuqori ball olgan.

May oyi boshida mamlakatda ilk 12 jarima balli yig‘gan haydovchi aniqlangandi. Shuningdek, 11 nafar haydovchiga 8 balldan 10 ballgacha jarima ballari hisoblangan edi.

Jarima ball tizimi

YHXX 2025-yil 1-iyundan yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 12 ta moddasi asosida yozilgan bayonnomalar asosida jarima ballari hisoblanishini eslatdi.

Jarima ballari 8 ballga yetganda haydovchi SMS orqali ogohlantiriladi. 12 balldan oshganda esa haydovchilik huquqi sud tartibida bekor qilinadi.

Joriy yilning 1-aprelidan qoidabuzarliklarni avtomatik ravishda aniqlovchi qurilmalar tomonidan aniqlangan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblana boshlandi. Bu qoidabuzarliklarga svetoforning taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmaslik, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish, yo‘lning qarama-qarshi qismida harakatlanish va tezlikka amal qilmaslik kiradi.

22-aprel holatiga kameralar orqali mamlakat bo‘yicha 22 638 nafar haydovchi 5 balldan jarima balli olgan. Yana 3 nafari 10 ball to‘plagan. YHXX ta‘kidlashicha, jarima ballari rasmiylashtirilgach, uni boshqa haydovchiga o‘tkazish, ko‘chirish yoki bekor qilishning imkoni yo‘q.