O‘zbekistonda jarima ballari 12 balldan oshgan ilk haydovchi aniqlandi. Bu haqda IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 11 nafar haydovchiga 8 balldan 10 ballgacha jarima ballari hisoblangan. Shundan 5 nafari Toshkent shahri, 3 nafari Surxondaryo viloyati, shuningdek, qolgan uch nafari Namangan, Samarqand hamda Toshkent viloyatiga to‘g‘ri keladi.

“Bir yil davomida 12,5 ball to‘plabman, 12 ballik tizim borligiga ishonmasdim. YHXX boshqarmasiga chaqirishdi, o‘z ko‘zim bilan jarima ballarini ko‘rgach ballik tizim ishlashiga ishonch hosil qildim. Endi mening ishim sudda ko‘rib chiqilar ekan, haydovchilik guvohnomam bekor qilinishi mumkin. Boshqa haydovchilarga yo‘l qoidalariga amal qilishlarini tavsiya qilaman, ular ham mening ahvolimga tushishmasin”, — deydi ballari limitdan oshgan haydovchi.

YHXX 2025-yil 1-iyundan yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 12 ta moddasi asosida yozilgan bayonnomalar asosida jarima ballari hisoblanishini eslatdi.

Jarima ballari 8 ballga yetganda haydovchi SMS orqali ogohlantiriladi. 12 balldan oshganda esa haydovchilik huquqi sud tartibida bekor qilinadi.

Joriy yilning 1-aprelidan qoidabuzarliklarni avtomatik ravishda aniqlovchi qurilmalar tomonidan aniqlangan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblana boshlandi. Bu qoidabuzarliklarga svetoforning taqiqlovchi ishorasiga bo‘ysunmaslik, to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzish, yo‘lning qarama-qarshi qismida harakatlanish va tezlikka amal qilmaslik kiradi.

22-aprel holatiga kameralar orqali mamlakat bo‘yicha 22 638 nafar haydovchi 5 balldan jarima balli olgan. Yana 3 nafari 10 ball to‘plagan. YHXX ta‘kidlashicha, jarima ballari rasmiylashtirilgach, uni boshqa haydovchiga o‘tkazish, ko‘chirish yoki bekor qilishning imkoni yo‘q.

Avvalroq Spot avtomobilni jarima maydonchasidan olib chiqish uchun elektron ruxsatnoma berilishi haqida yozgan edi.