Endilikda avtomototransport vositalarini jarima maydonchasidan olib chiqish uchun elektron murojaat qilish mumkin bo‘ladi. Bu bo‘yicha tegishli reglament hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Yangi tartibga ko‘ra, xizmatni Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati hamda uning hududiy bo‘linmalari ko‘rsatadi. Murojaatni esa uch xil usulda yuborish mumkin: Yagona portal, YHXXning mobil ilovasi yoki Davlat xizmatlari markazlari orqali.
Agar foydalanuvchi xizmatdan onlayn foydalanmoqchi bo‘lsa, maxsus elektron so‘rovnomani to‘ldirishi kerak bo‘ladi. Kiritilgan maʼlumotlar avtomatlashtirilgan tizim orqali tekshiriladi.
Vakolatli organ murojaatni ko‘rib chiqishda, avvalo, transport vositasini jarima maydonchasiga joylashtirishga sabab bo‘lgan holatlar bartaraf etilgan-etilmaganini tekshiradi. Shuningdek, maʼmuriy huquqbuzarlik bo‘yicha ish ko‘rib chiqilib, qonuniy yakuniy qaror qabul qilingani ham o‘rganiladi.
Agar ushbu holatlar tasdiqlansa, murojaat qiluvchiga 1 ish kuni ichida avtomobilni jarima maydonchasidan olib chiqish mumkinligi haqida xabarnoma yuboriladi. Yangi tartib jarayonni soddalashtirib, ortiqcha vaqt va byurokratik bosqichlarni qisqartirishi kutilmoqda.
O‘tgan yilning iyulida Ichki ishlar vazirligi mazkur qaror loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan edi. Taklif elektron ruxsatnomani bepul olishni nazarda tutgan edi.
Spot, avvalroq, endi telefon raqamni boshqaning nomiga onlayn o‘tkazish mumkinligi haqida yozgandi.