Endi mobil raqamni boshqa shaxs nomiga onlayn rasmiylashtirish mumkin. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Buning uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida yangi xizmat ishga tushirildi. Undan foydalanish uchun my.gov.uz portaliga kirib, “Telefon raqamini qayta rasmiylashtirish” xizmati ni tanlash lozim.
Ulardan mobil operatorlar belgilagan tariflar asosida xizmat haqi olinadi. Xizmat 1−5 kun ichida ko‘rsatilib, buning uchun talabgorlardan hech qanday hujjat talab etilmaydi.
Ariza beruvchi Yagona portalda ro‘yxatdan o‘tib, ariza beradi, unda raqamni qabul qiluvchi to‘g‘risidagi ma‘lumotlar ko‘rsatiladi, shundan so‘ng avtomatik ravishda tegishli so‘rov yuboriladi.
Abonent raqamini qabul qiluvchi shaxsiy kabinetda xabarnoma oladi. Qabul qiluvchi raqamni qayta rasmiylashtirish so‘rovini tasdiqlaydi yoki rad etadi. Ariza beruvchi so‘rov natijasi to‘g‘risida xabarnoma oladi. Qabul qiluvchi so‘rovni tasdiqlagan taqdirda, ariza beruvchi arizani yakunlaydi.
Ariza mobil aloqa operatori tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi. Mobil aloqa operatori ariza tushgan so‘ng ariza beruvchini xizmat ko‘rsatish uchun to‘lov miqdori to‘g‘risida xabardor qiladi.
Avval raqam egasini o‘zgartirish uchun har ikki tomon (sotuvchi va oluvchi) aloqa operatori markaziga shaxsan borishi talab etilardi.
Yanvar oyida qabul qilingan nizom bilan endilikda foydalanuvchi akkauntiga faqat o‘ziga yoki yaqin qarindoshlariga tegishli karta va hisoblarni biriktirishi mumkin. Ro‘yxatdan o‘tishda esa telefon raqami JSHSHIR bilan mosligi tekshiriladi. Agar mos kelmasa, ilovaga kirish cheklanadi.
Keyinroq Markaziy bank holat bo‘yicha tushuntirish berib, bu talablar asosan yangi mijozlarga tatbiq etilishini bildirgandi.
Spot, avvalroq, bank kartalarini Yagona portal orqali onlayn ochish imkoni yaratilgani haqida yozgandi.