1-apreldan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun kamera va radarlar orqali avtomobil haydovchilariga jarima ballari yozish boshlangandi.

Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati ma‘lumotiga ko‘ra, tizim ishga tushganidan keyingi 22 kun ichida ayrim haydovchilar 10 ballgacha to‘plagan.

Bloger Nikita Makarenkoning yozishicha, 22-aprel holatiga mamlakat bo‘yicha 22 638 nafar haydovchi 5 balldan jarima balli yig‘gan. Kameralar orqali 10 ball to‘plaganlar soni esa uch nafarni tashkil etgan.

YHXX ta‘kidlashicha, jarima ballari rasmiylashtirilgach, uni boshqa haydovchiga o‘tkazish, ko‘chirish yoki bekor qilishning imkoni yo‘q. Bunday holatlarning oldini olishning yagona yo‘li yo‘l harakati qoidalariga rioya qilish hisoblanadi.

Haydovchilar uchun jarima ballari

2025-yilning fevral oyida prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qoidabuzarliklar uchun jarima ballarini joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritildi.

YHXX boshlig‘i o‘rinbosari Erali Bozorov kelgusida kamera va radarlar orqali yoziladigan jarimalarni ham 12 ballik tizimga qo‘shib hisoblash rejalashtirilganini ma’lum qilgandi.

Mart oyi oxiriga kelib, IIV qoidabuzarliklarni jarima ballari asosida baholash tizimini joriy etishga qaratilgan hukumat qarori loyihasini muhokamaga qo‘ydi. Jarayon 4-aprelgacha davom etdi. Loyihda jarima ballari 1-maydan kuchga kirishi belgilangandi. Biroq, jarima ballarining hisoblanish tartibi qonun loyihasi qabul qilingandan keyin kuchga kirishi ma’lum qilindi.

May oyida yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari tasdiqlangandi. Agar haydovchi 12 oyda qoidalarni buzmasa, keyingi davrda birinchi marta sodir etilgan huquqbuzarlik uchun jarima bali hisoblanmaydi. Ballar bir yilda 12 balldan oshsa, haydovchi avtomobil boshqarish huquqidan 6 oygacha mahrum qilinadi.

Joriy yil yanvarida 2025-yili 165 mingdan ortiq haydovchi jarima ballari olgani aytilgandi. Uchta haydovchi 7,5−8 ballgacha, yana ikkitasi esa 6,5−7 ballgacha to‘plagan.

4-fevral kuni qabul qilingan qonun (O‘RQ-1116-son) bilan kameralar orqali qayd etiladigan huquqbuzarliklar ro‘yxati aniq belgilangandi. Bular:

  • xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik;
  • transportni boshqarish vaqtida telefondan foydalanish;
  • belgilangan harakat tezligini soatiga 20 kmgacha oshirib yuborish;
  • to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish va boshqalar.

Spot, avvalroq, Samarqandda soxta avtoraqam yasab sotgan shaxslar aniqlangani haqida yozgandi.