Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Samarqandda soxta davlat raqam belgilarini tayyorlab, haydovchilarga sotgan fuqarolar aniqlanganini ma‘lum qildi.
Xizmat xabariga ko‘ra, Samarqand shahri Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi, Qarshi yo‘li MFYda yashovchi shaxslar 30 dan ortiq soxta davlat raqam belgilarini yasab, fuqarolarga sotgan. Ular bu faoliyat bilan taxminan bir oy davomida shug‘ullangan.
Fuqarolar hamda tayyorlangan raqam belgilari Ichki ishlar boshqarmasiga olib borilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Hozirda holat yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Gumonlanuvchilardan birining aytishicha, ular davlat raqamiga o‘xshash belgilarni internet va ijtimoiy tarmoqlardagi namunalardan o‘rganib tayyorlashni boshlagan.
Avvaliga avtomobillarning orqa qismi va bortiga o‘rnatish uchun buyurtmalar bajarilgan, keyinchalik esa Instagram orqali sahifa ochib, mahsulot reklama qilingan.
Ma‘lum qilinishicha, bitta shunday “suvenir raqam” 200 ming so‘mdan sotilgan. Shu vaqtgacha bu faoliyatdan jami 8−9 mln so‘m atrofida daromad olingan.
YHXX ushbu fuqarolar faoliyatidan zarar ko‘rgan yoki aldangan shaxslarni yaqin hududdagi ichki ishlar organlariga murojaat qilishga chaqirdi.
Mart oyida Uzavtomotobelgi davlat korxonasi avtomobil raqamlarini xarid qilish uchun rasmiy mobil ilovani ishga tushirdi. U orqali foydalanuvchilar sotuvdagi “chiroyli” kombinatsiyalar bilan tanishishi, o‘ziga ma‘qul kelgan raqamni onlayn xarid qilishi mumkin.
Aprel oyida shikastlangan avtoraqamlarni onlayn almashtirish imkoni yaratilgan edi.
Spot, avvalroq, O‘zbekiston Afg‘onistonga 100 mingtagacha avtomobil yetkazib berishi mumkinligi haqida yozgandi.