Afg‘oniston bozorida O‘zbekistondan ishlatilgan avtomobillarni yetkazib berish salohiyati mavjud, dedi Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, 40 mlnga yaqin aholi istiqomat qilayotgan bir paytda avtotransportga bo‘lgan yillik ehtiyoj 250−300 ming avtomobilga baholanmoqda — bu birinchi navbatda jamoat transportining sust rivojlanganligi bilan bog‘liq. Ilgari eski avtomobillar asosan Yaponiya va AQSHdan keltirilar edi.
“Ilgari mashinalar Amerika yoki Yaponiyadan Dubayga olib kelinar, so‘ng Eron yoki Pokiston orqali Afg‘onistonga jo‘natilar edi. Bitta konteynerga 5 ta mashina sig‘adi, tashish narxi — $2500, yetkazib berishni esa 40 kun kutish kerak”, — deb ta’kidladi Vahobov.
Biroq hozirda Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi tufayli bu ta’minot yo‘nalishi yopilgan — bu o‘zbekistonlik yetkazib beruvchilar uchun imkoniyatlar yaratadi, dedi SSP rahbari. Gap Toshkent va viloyatlardagi avtobozorlardan Afg‘onistonga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berish haqida bormoqda.
Bojxona rasmiylashtiruvi uchun to‘lovning o‘rtacha miqdori avtomobil qiymatining 15%idan 30%igacha bo‘ladi. Masalan, $3000 lik mashinani bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish taxminan $600−700 ga tushadi.
Birinchi navbatda qo‘shni davlatga Matiz, Spark, Onix, Tracker, Lacetti kabi past narx toifasidagi avtomobillarni yetkazib berish taklif etilmoqda. Vahobov Savdo-sanoat palatasi Mozori-Sharif va Kobul avtomobil bozorlariga yetkazib berishni tashkil etishda yordam berishga tayyorligini ta’kidladi.
“O‘zbekiston Afg‘oniston bozoriga har yili 100 mingtagacha avtomobil eksport qilishga tayyor”, — dedi u.
Uning ta’kidlashicha, avtomobillar uchun ehtiyot qismlarning mavjudligi va tez — taxminan 3 kun ichida yetkazib berish imkoniyati asosiy afzalliklardan sanaladi.
Avvalroq Spot Trade-in orqali yangi avtomashina xarid qilishda avtokredit foizining bir qismi qoplab berilishi haqida yozgandi.
Dastur 1-avgustdan ishga tushadi hamda unda jismoniy va yuridik shaxslar eskirgan avtomobillarni yangilash uchun imtiyozli avtokredit olishlari mumkin.