Endilikda yaroqsiz holga kelgan yoki shikastlangan avtomobil davlat raqami belgisini onlayn almashtirish mumkin.

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) ushbu xizmat ishga tushirildi. Undan foydalanish uchun portalga kirib, “Shikast yetgan avtotransport vositasining davlat raqami belgisini tiklash” xizmatini tanlash kerak.

Arizani to‘ldirish jarayonida kerakli davlat raqami belgisi sonini tanlash, shikastlangan davlat raqamining fotosuratini ilova qilish zarur. Ariza YHXX tomonidan ko‘rib chiqilgach, talabgorga to‘lov uchun invoys yuboriladi.

Yaroqsiz holga kelgan, buzilgan yoki shikastlangan bir juft avtoraqam o‘rniga yangisini olish uchun to‘lov BHMning 3,5 baravari (1,442 mln so‘m) ni tashkil etadi.

To‘lov amalga oshirilgach, davlat raqami belgisi tayyorlanadi va ariza beruvchiga uni olib ketish uchun YHXX bo‘linmasiga borish kerakligi haqida xabarnoma yuboriladi. Undan keyin bo‘linmaga borib, eski raqamni topshirish va yangi davlat raqami belgisini qabul qilib olish mumkin.

Mart oyida Uzavtomotobelgi davlat korxonasi avtomobil raqamlarini xarid qilish uchun rasmiy mobil ilovani ishga tushirdi. U orqali foydalanuvchilar sotuvdagi “chiroyli” kombinatsiyalar bilan tanishishi, o‘ziga ma‘qul kelgan raqamni onlayn xarid qilishi mumkin.

Avvalroq xorijdagi o‘zbekistonliklar uchun elchixonaga onlayn navbat olish xizmati ishga tushgani haqida xabar berilgan edi.