Senat “O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida"gi qonunni maʼqulladi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks ga bir qator prinsipial o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, avtomobil bozoridagi firibgarliklarning oldini olish maqsadida kodeks yangi 178²-modda bilan to‘ldirilmoqda.
Unga ko‘ra avtotransport vositasining bosib o‘tgan masofasini ko‘rsatuvchi odometr uskunasi ko‘rsatkichlari o‘zgartirilganligi yoki almashtirilganligi haqida xaridorni xabardor etmaganlik uchun alohida maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda.
Mazkur qoidabuzarlik BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha (4,12 mln so‘mdan 6,18 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Shuningdek, qonun bilan voyaga yetmagan shaxslar ishtirokidagi maʼmuriy huquqbuzarlik ishlarini ko‘rish jarayonida pedagog yoki psixologning ishtirok etishi majburiy etib belgilanmoqda.
Shu bilan birga, maʼmuriy huquqbuzarlik ishlarini yuritishda “rad qilish” va “o‘zini o‘zi rad etish” instituti ilk bor tizimlashtirilmoqda. Bu sudya yoki boshqa vakolatli shaxsning ishga bo‘lgan manfaatdorligini bartaraf etish va qarorlarning xolisligini taʼminlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
Transport vositasini boshqarish yoki ov qilish huquqidan mahrum qilish muddatini qisqartirish tartibi ham takomillashtirilmoqda. Mazkur masala endilikda faqat sud tomonidan aniq belgilangan shartlar asosida ko‘rib chiqiladi.
Agar shaxs muqaddam ushbu imtiyozdan foydalangan bo‘lsa yoki jazo muddati davomida takroran huquqbuzarlik sodir etsa, unga nisbatan bunday yengillik qo‘llanilmaydi.
Joriy yilning yanvarida qonunchilik palatasi ushbu qonun loyihasini maʼqullagan edi.
Spot, avvalroq, Toshkentda noto‘g‘ri “parkovka” qilingan avtomobillar jarima maydoniga olib ketilishi haqida yozgandi.