15-may kuni qabul qilingan hukumatning tegishli qarori (VMQ-243-son) bilan 2026-yil iyun oyidan boshlab elektr energiyasi va tabiiy gazning yangi tariflari tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, I va II guruh iste’molchilari uchun elektr energiyasining 1 kVt soati 1 100 so‘m etib belgilandi. Shuningdek, bu narx IV guruh iste’molchilari uchun ham amal qiladi. III guruh, shu jumladan aholi uchun tabaqalashtirilgan tariflar saqlab qolindi.

Xususan, ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalar bilan jihozlangan ko‘p kvartirali uylar va yotoqxonalarda yashovchi aholi uchun narxlar quyidagicha:

  • oyiga 200 kVt soatgacha — 325 so‘m;
  • 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha — 450 so‘m;
  • 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha — 550 so‘m.

Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa:

  • oyiga 200 kVt soatgacha — 650 so‘m;
  • 201 kVt soatdan 500 kVt soatgacha — 900 so‘m;
  • 501 kVt soatdan 1 000 kVt soatgacha — 1 100 so‘m.

Yuqori hajmdagi iste’mol uchun qo‘llaniladigan oshirilgan koeffitsientli tariflar ham saqlab qolinadi.

Tabiiy gaz bo‘yicha esa, alohida toifalar bundan mustasno, barcha iste’molchilar uchun 1 kub metr gaz narxi 2 ming so‘m etib belgilandi. Avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari uchun tarif esa 1 kub metr uchun 2 750 so‘mni tashkil etadi.

Spot o‘tkazgan so‘rovnomada ishtirokchilar elektr energiyasi tariflarining oshishi yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Respondentlar ta’kidlashicha, yangi tariflar, ayniqsa, doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmagan fuqarolar hamda pensionerlar uchun qo‘shimcha moliyaviy yukni yuzaga keltirmoqda.

So‘rovnomaning video formatini batafsil quyidagi havola orqali ko‘rish mumkin:


200 kVt·soat limit yetarlimi?

“Ayniqsa qish va yoz oylarida konditsioner, muzlatkich hamda shamollatgichlar uzluksiz ishlaydigan paytda 200 kVt·soat mutlaqo yetarli bo‘lmaydi. Mamlakatimiz iqlimi issiq, yozda esa sovutish tizimlarisiz yashash qiyin. Shu sababli limit kamida yana 50 kVt·soatga oshirilsa, aholi uchun ancha maqbul va muvozanatli yechim bo‘lardi”, — deydi iste’molchilardan biri.

Respondentlar fikricha, ko‘p qavatli uylarda yashaydigan, maishiy texnikadan cheklangan darajada foydalanadigan va energiya tejamkor lampalardan foydalanuvchi kichik oilalar uchun 200 kVt·soatlik limit hozircha yetarli. Biroq hovlida yashovchi, yirik maishiy texnika vositalaridan foydalanadigan hamda katta oilalar uchun ushbu hajm yetarli emas.

“Avval maosh va sharoitni to‘g‘rilash kerak edi”

Qishki mavsumdagi xarajatlar haqida so‘z borganda esa, ayniqsa viloyatlarda yashovchi respondentlar asosiy yuk elektr energiyasiga tushishini ta’kidladi. Ularning aytishicha, ko‘plab hududlarda isitish va boshqa kundalik ehtiyojlar aynan elektr energiyasi hisobiga qoplanadi. Shu sababli xarajatlarni qisqartirishga to‘g‘ri kelganda, aksariyat iste’molchilar avvalo yoritish va boshqa elektr qurilmalaridan foydalanishni cheklashga, shuningdek, gaz sarfini imkon qadar kamaytirishga harakat qilishini bildirdi.

Bunday cheklovlar va xarajatlar oshishi fonida respondentlardan biri tariflarni ko‘tarishdan avval, eng avvalo, aholining turmush darajasi va daromadlarini yaxshilash zarur bo‘lganini ta’kidladi. Uning fikricha, ish haqlari va ijtimoiy ta’minot darajasi oshirilganida, narxlarning qimmatlashuvi fuqarolar tomonidan yengilroq qabul qilingan bo‘lardi.

Shuningdek, doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmagan, kunlik daromad hisobiga yashaydigan fuqarolar hamda pensionerlar uchun mazkur o‘zgarishlar qo‘shimcha moliyaviy bosim keltirib chiqarishi qayd etildi.

Oilaviy budjetga ta’siri masalasida esa ishtirokchilar fikri ikki xil bo‘ldi. Ayrimlar yangi tariflar fonida yaqinda amalga oshirilgan ish haqi oshirilishi xarajatlarning bir qismini qoplashga yordam berishini aytdi. Boshqalar esa belgilangan limitdan oshilganda tariflar qimmatlashishi sababli, mazkur o‘sish baribir oila budjetiga sezilarli yuk bo‘lib qolishini ta’kidladi.