Hindiston Telegram messenjeriga kirishni 22-iyungacha vaqtincha blokladi, deya xabar bermoqda Reuters.

Qayd etilishicha, bu qaror tibbiyot oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun milliy imtihon paytida firibgarlik holatlarini tekshirish bilan bog‘liq.

Mamlakat Ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, platformadan “firibgarlarning uyushgan guruhlari” kirish imtihonlarini topshirayotgan nomzodlarni aldash uchun foydalangan.

Gap NEET (National Eligibility cum Entrance Test) milliy imtihoni haqida ketmoqda, uning atrofida so‘nggi oylarda topshiriqlar sizib chiqishi tufayli katta janjal kelib chiqdi.

Hindiston hukumati cheklov “mamlakat suvereniteti va yaxlitligi manfaatlari yo‘lida” onlayn resurslarni bloklash imkonini beruvchi axborot texnologiyalari to‘g‘risidagi qonunning qat’iy qoidalari asosida joriy etilganini aytdi.

Chora vaqtinchalik xususiyatga ega bo‘lib, platformadan noqonuniy kontentni olib tashlash urinishlari natija bermaganidan keyin “eng so‘nggi holatda” qo‘llaniladi.

Ta’lim vazirligining aniqlik kiritishicha, blokirovka 21-iyunga rejalashtirilgan NEET imtihonini qayta topshirishga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq.

Ilgari imtihon topshiriqlarning sizib chiqishi sababli bekor qilingan edi, bu esa mamlakatning turli hududlarida talabalarning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Hindiston hukumati bloklash yuz minglab foydalanuvchilarga yetkazishi mumkin bo‘lgan noqulayliklardan afsusda ekanligini bildirdi.

Rasmiylar bu chora keyingi qoidabuzarliklarning oldini olish va imtihon jarayonini himoya qilish uchun zarurligini ta’kidlamoqda.


Avvalroq Spot Hindiston xavfsizlik tahdidlari sabab Starlink’ni ishga tushirishni to‘xtatgani haqida yozgandi.

Bunga Starlink terminallari Yaqin Sharqdagi mojaro paytida, Eronda litsenziyasiz ishlatilgani haqidagi xabarlar sabab bo‘ldi.