Hindiston Ilon Maskga tegishli Starlinkni ishga tushirish uchun yakuniy ruxsatnomalar berishni to‘xtatdi, deya xabar berdi Bloomberg.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, Hindiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi xavfsizlik xizmatlari Starlink kompaniyasiga mamlakatda tijorat faoliyatini boshlash uchun zarur bo‘lgan so‘nggi ruxsatnomalarni bermagan.
Bunga Starlink terminallari Yaqin Sharqdagi mojaro paytida, Eronda xizmat ko‘rsatish uchun litsenziyasi yo‘qligiga qaramay, ishlatilganligi haqidagi xabarlar sabab bo‘ldi.
Yuzaga kelgan vaziyat tufayli Hindiston bozorida Starlink va boshqa sun’iy yo‘ldosh aloqa operatorlarini ishga tushirish uchun zarur bo‘lgan sun’iy yo‘ldosh spektrini taqsimlash mexanizmi ham tasdiqlanmagan.
Manbalarga ko‘ra, Hindiston rasmiylari milliy xavfsizlikka yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlardan xavotirda va kompaniyaning xalqaro inqirozlar hamda geosiyosiy ziddiyatlar sharoitida Nyu-Dehli talablarini bajara olishiga kafolat olmoqchi.
Ta’kidlanishicha, Starlink deyarli bir yil oldin Hindistonda kerakli sun’iy yo‘ldosh litsenziyasini olgan, biroq to‘liq ishga tushirish uchun qo‘shimcha kelishuv bosqichlaridan o‘tish talab etiladi, ular hali yakunlanmagan.
Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, xizmatga yakuniy ruxsat Hindiston hukumati xavfsizlik bilan bog‘liq barcha savollarga javob olmaguncha kechiktiriladi.
May oyi oxirida Qirg‘iziston hududida SpaceX kompaniyasining Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti ish boshlagani haqida xabar berilgandi.
Buyurtmalar bo‘limidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston uchun Mini antennasining narxi yetkazib berishni hisobga olmaganda 27 180 qirg‘iz somini (joriy kurs bo‘yicha $310) tashkil etadi. Standard majmuasi 36 270 somoni ($414) turadi.
2025-yil oktabr oyida Tojikiston hukumati huzuridagi Aloqa xizmati Starlink bilan litsenziya shartnomasini imzoladi. Vazirlik ma’lum qilishicha, u respublikaning borish qiyin bo‘lgan tog‘li va chegara hududlarida sun’iy yo‘ldosh internet aloqasini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.Uy foydalanuvchilari (Residential) uchun abonent to‘lovi cheksiz trafik bilan oyiga 10 ming somni ($114) tashkil etadi. Ma’lumotlarni qabul qilish tezligi 135 dan 305 Mbit/s gacha, jo‘natish esa 20 dan 40 Mbit/s gacha bo‘ladi.
2025-yilning 13-avgustidan SpaceX kompaniyasi Qozog‘iston hududida sun’iy yo‘ldosh internet xizmatlarini rasman ishga tushirdi. Xususiy foydalanuvchilarga oyiga 23 ming tengedan ($43) boshlanadigan abonent to‘lovi bilan tarif rejalari taklif qilingan edi.
Kompaniya rasmiy veb-saytidagi xaritaga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkmanistonda sun’iy yo‘ldosh interneti 2026-yilda ishga tushirilishi kutilmoqda.
Avvalroq Spot Ilon Mask Starlink sayyoralararo interneti yaratilishini tasdiqlagani haqida yozgandi.
Hozirda Starlink mutaxassislari lazerli sun’iy yo‘ldoshlararo aloqa liniyalari ustida ishlamoqda.