Qirg‘iziston hududida SpaceX kompaniyasining Starlink sun’iy yo‘ldosh interneti ish boshladi. Bu rasmiy saytdagi xizmatdan foydalanish imkoniyati xaritasidan kelib chiqadi.
Buyurtmalar bo‘limidagi ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston uchun Mini antennasining narxi yetkazib berishni hisobga olmaganda 27 180 qirg‘iz somini (joriy kurs bo‘yicha $310) tashkil etadi. Standard majmuasi 36 270 somoni ($414) turadi.
Uy foydalanuvchilari (Residential) uchun abonent to‘lovi cheksiz trafik bilan oyiga 10 ming somni ($114) tashkil etadi. Ma’lumotlarni qabul qilish tezligi 135 dan 305 Mbit/s gacha, jo‘natish esa 20 dan 40 Mbit/s gacha bo‘ladi.
Biznes foydalanuvchilari trafik hajmiga qarab Mahalliy ustuvorlik qatoridan quyidagi tariflarni tanlashlari mumkin:
- 50 GB — 3100 som ($35);
- 500 GB — 7900 som ($90);
- 1 terabayt — 13 900 som ($159);
- 2 terabayt — 25 900 som ($296).
Aprel oyida Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisi — Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Qosimaliyev Vashingtonda SpaceX kompaniyasining Starlink yo‘nalishi bo‘yicha katta direktori Rayan Gudnayt bilan uchrashuv o‘tkazgandi.
“O‘tgan davr mobaynida davlat organlari tomonidan zarur normativ-huquqiy bazani shakllantirish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. O‘z navbatida, Starlink kompaniyasi barcha zarur talablarni bajardi va vakolatli davlat organlari bilan shartnomalar imzoladi. Uchrashuv davomida yaqin kelajakda amalga oshirilishi rejalashtirilgan xizmatning texnik ishga tushirilishiga alohida e’tibor qaratildi”, — deyiladi xabarda.
2025-yil oktabr oyida Tojikiston hukumati huzuridagi Aloqa xizmati Starlink bilan litsenziya shartnomasini imzoladi. Vazirlik ma’lum qilishicha, u respublikaning borish qiyin bo‘lgan tog‘li va chegara hududlarida sun’iy yo‘ldosh internet aloqasini yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.
2025-yilning 13-avgustidan SpaceX kompaniyasi Qozog‘iston hududida sun’iy yo‘ldosh internet xizmatlarini rasman ishga tushirdi. Xususiy foydalanuvchilarga oyiga 23 ming tengedan ($43) boshlanadigan abonent to‘lovi bilan tarif rejalari taklif qilingan edi.
Kompaniya rasmiy veb-saytidagi xaritaga ko‘ra, O‘zbekiston va Turkmanistonda sun’iy yo‘ldosh interneti 2026-yilda ishga tushirilishi kutilmoqda.
Avvalroq Spot Ilon Mask Starlink sayyoralararo interneti yaratilishini tasdiqlagani haqida yozgandi.
Hozirda Starlink mutaxassislari lazerli sun’iy yo‘ldoshlararo aloqa liniyalari ustida ishlamoqda.