Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahridagi IT-park majmuasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Majmua davlat rahbarining 2024-yil avgust oyidagi tashrifi davomida berilgan topshiriqlari asosida barpo etilgan. 150 mlrd so‘m budjet mablag‘lari hisobiga qurilgan obyekt bir vaqtning o‘zida 200 nafargacha foydalanuvchini qamrab oladi. Yiliga 3 mingdan ortiq yoshlarni o‘qitish, ularni amaliy loyihalarga jalb etish va AT xizmatlari ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan.

Markazda frilanserlar va dasturchilar uchun zamonaviy kovorking muhiti, rezident kompaniyalar uchun to‘liq jihozlangan ofislar tashkil etilgan. Bu yerda taʼlim, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayonlari o‘zaro bog‘langan holda yo‘lga qo‘yilgan.

Farg‘ona viloyatida oxirgi yillarda AT xizmatlari hajmi 4 barobarga o‘sib, eksport $23 mlndan oshgan. Hozirgi kunda viloyatda IT-Park rezidentlari soni 139 taga yetgan. 2025-yilda $22,7 mlnlik IT xizmatlari eksport qilingan.

Yangi park doirasida rezidentlar sonini 200 nafarga yetkazish, 700 ta yangi ish o‘rni yaratish, xizmatlar hajmini oshirish hamda $30 mlnlik eksportga erishish maqsad qilingan.

Kelgusida mazkur majmuada sunʼiy intellekt texnologiyalari xabini tashkil etish, boshqaruv tizimlarini raqamlashtirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, sunʼiy intellekt, dasturlash, grafik dizayn, kompyuter savodxonligi va ingliz tili bo‘yicha zamonaviy o‘quv kurslari yo‘lga qo‘yiladi. Startaplar uchun venchur moliyalashtirish, grantlar va akseleratsiya dasturlari joriy etiladi.

Prezident park rezidentlari va IT sohasida faoliyat yuritayotgan yoshlar bilan muloqot qildi. Ular tomonidan ilgari surilgan tashabbus va g‘oyalar qo‘llab-quvvatlandi.

Spot, avvalroq, Farg‘onaning Tojikiston bilan chegara hududida erkin savdo zonasi tashkil etilishi haqida yozgandi.