Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ishlab chiqarishga sun‘iy intellektni joriy qilish orqali xarajatni 20% gacha qisqartirish, daromadni esa 30% ga oshirish mumkinligi ta‘kidlandi.
Buning uchun startap ekotizimi kerakligi aytildi. Mutasaddilarga xorijdan nufuzli akselerator kompaniyani Farg‘onaga olib kelib, 10 ta yirik mahalliy korxonalarga bog‘lash, bu korxonalar negizida mehnat unumdorligi, tannarx, energiya tejamkorlik bo‘yicha pilot loyihalarni boshlash topshirildi. Eng yuqori samara bergan loyihalar boshqa sanoat korxonalarida ham ommalashtiriladi.
Besh yilda mamlakatda elektron tijorat hajmi 20 karra oshgani, biroq Farg‘onaga buning bor-yo‘g‘i 2,5%i to‘g‘ri kelishi qayd etildi. Elektron tijorat hozirgi sur‘atda rivojlansa, kelasi besh yilda 3,5 mln kvadrat metrli tijorat omborlari kerak bo‘lishi aytildi.
Farg‘onada kamida 100 ming kvadrat metrli omborxona tashkil qilish, shuning 30 ming kvadrat metrini joriy yil ishga tushirish kerakligi qayd etildi.
Sanoat va hunarmandchilikka ixtisoslashgan 126 ta mahalladagi 10 nafardan tadbirkorni elektron tijorat platformalaridan foydalanishga o‘rgatish topshirildi.
Yozyovon tumani sanoat bo‘yicha viloyatda 18-o‘rinda, eksport va servisda 17-, qishloq xo‘jaligida 15-o‘rinda turishi aytildi. Bu yil tumanga tadbirkorlik infratuzilmasi uchun budjetdan 30 mlrd so‘m berilmoqda, birinchi chorakda tumanda yana 5,5 mlrd so‘m qo‘shimcha mablag‘ qoldi.
Yozyovondagi imkoniyatlar sun‘iy intellekt yordamida o‘rganilganda vodiy markazida joylashgan, xomashyo resursi cheklangan mazkur tumanda asosiy e‘tiborni logistikaga qaratish kerakligi ma‘lum bo‘ldi.
A-373 magistral yo‘lning Yozyovondan o‘tgan 35 kilometr qismidan kuniga 30 ming transport qatnaydi. Tumanda logistika markazlari va yirik omborlar ko‘paysa, yo‘l bo‘yida mehmonxona, yoqilg‘i shoxobchasi va ovqatlanish joylariga talab 2 karra oshadi.
Tuman hokimiga logistikani tumanning “drayveri"ga aylantirish orqali servis, sanoat va qishloq xo‘jaligini ham rivojlantirish, tuman iqtisodiyotidagi aylanmani yana 1 trln so‘mga oshirish topshirildi.
Davlat rahbari investitsiya masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Viloyatdagi 1 077 gektar ekin yerlari sanoat zonalari uchun ajratib berilgan. Tuman hokimlari investitsiya sifatini asosiy mezon qilib belgilab, har bir gektar yer yiliga kamida 50 mlrd so‘mlik mahsulot olib kelishi bo‘yicha izlanishlari shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Sanoat zonalarida $5 mlrdlik loyihalarni boshlash topshirildi. Beshariqdagi Andarxon mahallasi dagi 7 gektar maydonda erkin savdo zonasi tashkil etilishi belgilandi.
Qo‘qondagi 11 gektarda joylashgan mexanika zavodi bor-yo‘g‘i 20% quvvatda ishlayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu yerda $70 mlnlik yirik savdo kompleksini barpo qilish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.
Spot, avvalroq, Farg‘ona vodiysi hududlarini bog‘lovchi yangi elektropoyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilgani haqida yozgandi.