Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti mutaxassislari Toshkent shahridagi ko‘p qavatli uy-joylarga investitsiyalar daromadliligini tahlil qildi.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2026-yil mart oyida poytaxtda uy-joyga investitsiyalarning o‘rtacha daromadliligi 14,6% ni tashkil etdi. Bunda ijaradan olinadigan o‘rtacha daromad 8% bo‘lgan bo‘lsa, uy-joylarning o‘rtacha narxi 6,6% ga qimmatlashgan.

Tahlil natijalari uy-joyga investitsiyalar daromadliligi hudud va xonalar soniga qarab sezilarli farqlanishini ko‘rsatdi.

Bir xonali xonadonlar orasida eng yuqori daromadlilik Mirobod tumanida — 50%, Bektemir tumanida esa 19,3% qayd etilgan. Ikki xonali uy-joylarda Yunusobod tumani 24,8% bilan yetakchilik qilgan. Yakkasaroy tumanida bu ko‘rsatkich 13% ni tashkil etgan.

Uch xonali xonadonlarda Mirobod tumanida daromadlilik 12,9%, Chilonzor tumanida esa 3,8% bo‘lgan. To‘rt xonali xonadonlar segmentida Yakkasaroy tumanida 18,5% daromadlilik qayd etilgan bo‘lsa, Bektemir tumanida ko‘rsatkich manfiy 14,1% ni tashkil qilgan.

depozit, investitsiya, ko'chmas mulk, omonatlar, toshkent, uy-joy

Institut ma‘lumotlariga ko‘ra, Toshkent tumanlari kesimida uy-joy narxlaridagi tafovut kuchayib bormoqda. 2026-yil mart oyida tumanlar bo‘yicha uy-joy narxlarining o‘rtachadan og‘ishi 5,4% gacha yetgan. Ijara narxlaridagi farq esa 0,6% darajasida qayd etilgan.

2025-yil mart oyida uy-joy xarid qilib, 2026-yil mart oyida sotgan investorlarning o‘rtacha kapital daromadi 6,6% ni tashkil qilgan.

Bu ko‘rsatkich Mirobod tumanida 16,6%, Yakkasaroy tumanida 12,4% bo‘lgan. Chilonzor tumanida narxlar pasayishi hisobiga daromadlilik manfiy 1,9% ni tashkil etgan. Bektemir tumanida 0,8%, Yashnobod tumanida esa 3,1% qayd etilgan.

Joriy yil mart oyida Toshkent shahrida uy-joylarni ijaraga berishdan olinadigan o‘rtacha daromad 8% ni tashkil qilgan. Bu boradagi eng yuqori ko‘rsatkich Shayxontohur tumanida — 9,1%, Yashnobod tumanida esa 8,4% bo‘lgan.

depozit, investitsiya, ko'chmas mulk, omonatlar, toshkent, uy-joy

Xonalar soni bo‘yicha eng jozibador segment 1 va 2 xonali xonadonlar bo‘lib qolmoqda. Ularning daromadlilik darajasi mos ravishda 29,8% va 17,4% ni tashkil etgan.

Uch xonali xonadonlarda bu ko‘rsatkich 8,7%, to‘rt xonali uy-joylarda esa 2,4% bo‘lgan.

Shuningdek, 2025-yil martidan 2026-yil fevraligacha bo‘lgan davrda jismoniy shaxslarning xorijiy valyutadagi muddatli depozitlari bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 4,9%, so‘mdagi muddatli depozitlar bo‘yicha esa 21,2% ni tashkil etgan.

Institut qayd etishicha, uy-joy investitsiyalarining daromadliligi xorijiy valyutadagi depozitlardan yuqori bo‘lsa-da, milliy valyutadagi depozitlar jozibadorligi yuqoriligicha qolmoqda.

Spot, avvalroq, banklardagi so‘mdagi eng daromadli omonatlar haqida yozgandi.