Avvalroq prezident sunʼiy intellekt va raqamlashtirish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgandi. Yig‘ilishda raqamli taʼlimni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

5 mln sunʼiy intellekt yetakchilari loyihasi doirasida 1 mlndan ortiq boshlang‘ich kurs tinglovchilari, 300 mingdan ziyod o‘rta bosqich tinglovchilari va 1,5 ming professional darajadagi mutaxassis tayyorlandi.

Endi maktablarda sunʼiy intellekt va startap xonalarini tashkil etish taklif qilindi. Shu bilan birga, ularda raqamli infratuzilma holati tahlil qilinib, hozirda 69% maktablarda Wi-Fi zonasi umuman mavjud emasligi, 5 mingta kompyuter sinfi eskirgani, 2 mingtasida esa bunday xonalar yo‘qligi qayd etildi.

Shu bois, 2030-yilgacha 16 mingta kompyuter sinfxonalarini yangilash, maktablarni bepul Wi-Fi nuqtalari bilan taʼminlash va internet tezligini oshirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish zarurligi taʼkidlandi.

Yig‘ilishda mahalliy AT yechimlaridan foydalanishni kengaytirishga alohida urg‘u berildi. Davlat ishtirokidagi korxonalar va banklardagi dasturiy mahsulot va axborot texnologiyalari xizmatlarining kamida 45% ini mahalliylashtirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.

Shuning uchun davlat korxonalari va banklar tomonidan AT xizmatlar import qilinishida majburiy tartibda Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi bilan kelishish tizimini joriy qilish, buyurtmalarni IT Park rezidentlariga yo‘naltirish taklif etildi.

Aholi maskanlarining telekommunikatsiya xizmatlari bilan qamrovi 41% dan 98% ga yetgan. Umumiy internet o‘tkazish qobiliyati esa 65 barobar oshib, 4,4 ming gigabit/sekundga chiqqan.

Teleradiokommunikatsiya bozorini tartibga solish, xizmatlar sifatini monitoring qilish va foydalanuvchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida alohida agentlik tashkil qilingan edi. Taqdimotda bozorni har yili kamida 10% ga oshirib, joriy yilda 27,5 trln so‘mga yetkazish rejalari ko‘rib chiqildi.

Kiberxavfsizlikni taʼminlash, davlat axborot tizimlarini integratsiya qilish va raqamli hukumat platformasini mustahkamlash masalalari ham muhokama qilindi.

Davlat axborot tizimlarini faqat yagona raqamli hukumat platformasi orqali integratsiya qilish, kiberxavfsizlik ekspertizasidan o‘tmagan tizimlarni raqamli hukumatga ulashni cheklash, axborot xavfsizligini kuchaytirish uchun har ikki yilda bir marta to‘liq IT-audit o‘tkazish zarurligi qayd etildi.

Davlat rahbari sunʼiy intellekt va raqamlashtirish faqat texnologik yangilanish emas, balki iqtisodiyot samaradorligi, davlat boshqaruvi sifati, xizmatlar qulayligi, eksport salohiyati va mamlakat raqobatbardoshligini belgilaydigan strategik yo‘nalish ekanini taʼkidladi.

Sohadagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

Spot, avvalroq, Nurafshonda raqamli R&D markazi tashkil etilishi haqida yozgandi.