Shirin Ro‘zimatova 1994-yil Farg‘onada tug‘ilgan. 2015−2019-yillarda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Xalqaro iqtisodiy munosabatlar fakultetida bakalavr darajasini olgan. O‘qishni tamomlagach, Stipendium Hungaricum grantini qo‘lga kiritib, Budapesht iqtisodiyot va biznes universitetining magistratura bosqichida tahsilni davom ettirgan.
Hozirda Shirin Vengriyada, Morgan Stanley kompaniyasida biznes-analitik lavozimida faoliyat yuritmoqda. U Spot bilan suhbatda grantga tayyorlanish jarayoni, Vengriyadagi ta’lim muhiti hamda xalqaro kompaniyadagi ish tajribasi haqida so‘zlab berdi.
Iqtisodiyotga qiziqishning boshlanishi
Bolaligimdan qiziqishlarim rang-barang bo‘lgan: interyer dizayneridan tortib nanotexnologiyagacha. 5−6-sinflarda tibbiyotga qiziqishim ortib, 7-sinfdan boshlab biologiya va kimyo fanlaridan qo‘shimcha darslarga qatnay boshlaganman. Biroq kollejga kirgan paytimda ota-onam bu kasb uzoq yillik o‘qish va katta fidoyilik talab qilishini tushuntirib, boshqa yo‘nalishni tanlashni maslahat berishgan.
O‘shanda hech ikkilanmasdan aniq fanlarga bog‘liq sohani tanladim. Ota-onam fizik bo‘lgani sababli uyimizda fizika va matematikaga oid kitoblar juda ko‘p edi: bu muhit iqtisodiyot yo‘nalishiga kirib kelishimga zamin yaratgan. Yana bir qiziqarli jihat, oilamizda har tong Euronews yangiliklari bilan boshlanardi. Dadam ishga ketishdan oldin jahon yangiliklarini baland ovozda tinglardilar. Nazarimda, aynan shu odat menda xalqaro iqtisodiyotga nisbatan qiziqish uyg‘otgan.
Oliygohga kirish imtihonlariga tayyorlanishni boshlagan ilk kunlarimdanoq maqsadim aniq, faqat Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida o‘qishni xohlardim. Ochig‘ini aytsam, ota-onam boshida bu qarorimga biroz shubha va xavotir bilan qarashgan.

Foto: Shirin Ro‘zimatovaning shaxsiy arxividan
Hatto onam matematika ustozimning oldiga borib: “Qizimiz JIDU’ga kirmoqchi ekanini aytdi, lekin biz biroz qo‘rqyapmiz. Bu yerga kirish boshqa oliygohlarga qaraganda ancha qiyin, raqobat juda katta. Agar kuchi yetmasa, to‘g‘ri tushuntirib, boshqa o‘quv yurtiga topshirishini maslahat bersakmikan?”, deb maslahat so‘raganlar.
O‘shanda ustozimning bergan javobi hayotimda keskin burilish yasadi: “Agar farzandingiz buni chin dildan xohlayotgan bo‘lsa, yo‘lidan qaytarmang. Maqsadi aniq odam shunga yarasha qattiq harakat qiladi.
Eng yomoni bolani o‘zi xohlamagan ishga majburlashdir. Qizingizga qarshilik qilmanglar, hattoki bu yerga o‘qishga topshirishni o‘g‘il bolalar xayol qilmaydi". Bu so‘zlar menga cheksiz kuch bergandi.
Biroq orzumdagi oliygohga kirish oson kechmadi. Ikki yillik muvaffaqiyatsiz urinishdan so‘ng, faqat uchinchi bor topshirganimda talabalik nasib etdi.
Magistraturaga qabul va viza jarayoni
Bakalavriat davridayoq magistraturani xorijda o‘qish maqsadini oldimga qo‘yib, Yevropaning bir qator nufuzli universitetlariga hujjat topshirdim. Yakuniy tanlovim Vengriya va uning go‘zal poytaxti Budapesht bo‘ldi. Bunga bir nechta asosiy sabablarni ko‘rsatishim mumkin: yashash xarajatlarining boshqa Yevropa davlatlariga nisbatan hamyonbopligi, shaharning boy talabalik muhiti va eng asosiysi Stipendium Hungaricum grantini qo‘lga kiritganim.
Grantni qo‘lga kiritish yo‘li bir necha bosqichdan iborat bo‘lib, men uchun eng murakkabi hujjat topshirish jarayoni bo‘ldi. Har bir hujjatni talab darajasida tayyorlash, tarjima qildirish, tasdiqlatish va belgilangan formatlarga moslashtirish katta vaqt hamda e’tibor talab qilgan.
Ayniqsa, o‘sha paytda tibbiy ma’lumotnomalarning yagona va aniq shakli bo‘lmagani jarayonni biroz cho‘zib yuborgan. Ba’zi masalalarga oydinlik kiritish uchun mas’ul shaxslar bilan yozishmalar olib borish ham qo‘shimcha vaqt talab etgan.
Odatda, Stipendium Hungaricum dasturi bo‘yicha hujjat topshirish jarayoni oliygoh va yo‘nalishga qarab farqlanishi mumkin, biroq ko‘p hollarda u quyidagi bosqichlarni qamrab oladi:
Onlayn hujjatlarni topshirish. Ushbu bosqichda nomzod barcha kerakli hujjatlarni yig‘ib, Stipendium Hungaricumning rasmiy platformasida ro‘yxatdan o‘tishi, belgilangan muddatgacha yuklashi lozim. Magistratura bosqichi uchun talab etiladigan hujjatlar quyidagilar:
— onlayn ariza formasi;
— pasport yoki ID-karta nusxasi;
— bakalavr diplomi yoki bitiruvni tasdiqlovchi rasmiy hujjat;
— o‘qilgan fanlar va baholar transkripti;
— til bilish darajasini tasdiqlovchi sertifikat (IELTS, TOEFL yoki boshqa talab etiladigan hujjat);
— motivatsion xat;
— agar mavjud bo‘lsa ilmiy ishlar, sertifikatlar va boshqa yutuqlar;
— tibbiy ma’lumotnoma.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, barcha hujjatlarni ham dastlabki muddatgacha topshirish majburiy emas. Ayrim hujjatlar, xususan til sertifikati va tibbiy ma’lumotnoma, belgilangan oxirgi sanadan keyin ham qo‘shimcha ravishda taqdim etilishi mumkin.
Keyingi bosqichda Oliy Ta’lim Vazirligi tomonidan topshirilgan arizalar bosqichma-bosqich ko‘rib chiqilib, talabga javob beradigan nomzodlar saralab olinadi. Tanlab olingan nomzodlar keyingi bosqichga o‘tkaziladi. Odatda, ushbu natijalar mart oyining birinchi haftasida e’lon qilinadi.

Foto: Shirin Ro‘zimatovaning shaxsiy arxividan
Intervyu bosqichi. Keyingi bosqichda siz tanlagan ikki oliygohga hujjatlaringiz yuborilgach, ular tomonidan kirish imtihonlari uchun saralash jarayoni boshlanadi. Har bir oliy ta’lim muassasasi va yo‘nalishning talablari turlicha bo‘lganligi sababli, imtihon shakli ham farq qilishi mumkin.
Masalan, hujjat topshirgan paytimda imtihonlar Budapesht iqtisodiyot va biznes universitetida onlayn test shaklida, Korvinus universitetida esa faqat intervyu asosida o‘tkazilgan.
Imtihon jarayonlarida tanlangan yo‘nalish bo‘yicha bilimlarim, shuningdek, aynan o‘sha yo‘nalishni tanlash sabablari batafsil so‘ralgan.
Yakuniy va viza olish bosqichi. O‘qish imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgandan so‘ng, odatda may oyining oxirlarida sizga ushbu bosqichdan o‘tganingiz haqida rasmiy xabar keladi. Shundan keyin, iyun oyida eng muhim yakuniy qaror bosqichi boshlanadi.
Bu bosqichda Tempus Public Foundation tomonidan barcha saralash bosqichlaridan o‘tgan nomzodlar ko‘rib chiqilib, grant berish yoki bermaslik bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinadi. Yakuniy natijalar odatda iyul oyining o‘rtalarida e’lon qilinadi.
Grantni qo‘lga kiritgach, viza olish uchun Vengriyaning O‘zbekistondagi elchixonasiga hujjat topshirishga yozildim. Bu jarayon men uchun qiyinchilik tug‘dirmadi. Sababi, agarda hujjatlarda biror kamchilik bo‘lsa, uni keyinchalik elektron pochta orqali yuborish imkoniyati bor edi. Eng muhimi, Stipendium Hungaricum dasturi g‘oliblari uchun viza to‘lovi bekor qilingan va qabulga yozilish jarayonida bir qator yengilliklar ko‘zda tutilgandi.
Foydali maslahatlar. Agar Stipendium Hungaricum granti asosida Vengriyaga o‘qishga kelishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, avvalo, o‘zingiz qiziqqan yo‘nalish bo‘yicha oliygohlarni chuqur tadqiq qilishingizni maslahat beraman. Bunda aynan siz tanlagan o‘qishda tahsil olayotgan yoki uni tamomlagan talabalar bilan bog‘lanib, ulardan tavsiyalar olish juda muhim. Ulardan o‘quv jarayonlari, talabalik hayoti va eng asosiysi universitet joylashgan shahardagi turmush tarzi haqida batafsil ma’lumot olishingiz tanlovingizda adashmasligingizni ta’minlaydi.
Vengriya ta’lim sifati
Vengriyada Budapesht iqtisodiyot va biznes universitetining xalqaro iqtisodiyot va biznes yo‘nalishida tahsil oldim. Bu yerda ta’lim tizimi talabaga erkinlik berish bilan birga, yuqori mas’uliyat ham yuklaydi.
Eng yoqimli jihatlardan biri professorlar bilan muloqotning ochiqligi. Istalgan akademik masala yuzasidan ustozlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilish mumkin, bu esa o‘quv jarayonini jonli va samarali qiladi. Shuningdek, har semestrda fanlarni va dars jadvalini mustaqil tanlash imkoniyati mavjud. Bu menga o‘quv rejamni qiziqishlarimga moslash va shaxsiy rivojlanish uchun vaqt ajratish imkonini berdi.
Darslar asosan amaliy yondashuv, keys-stadilar va guruh muhokamalari asosiga qurilgan. O‘zbekiston ta’lim tizimidan asosiy farqi shundaki, bu yerda o‘quv jarayonining katta qismi auditoriyadan tashqarida, ya’ni talabaning mustaqil izlanishi va shaxsiy tayyorgarligi orqali shakllanadi.
Budapeshtga ko‘chish va moslashish
Men Vengriyaga 2020-yilning sentabr oyida kelganman va bu hayotimdagi eng muhim burilish nuqtalaridan biri bo‘lgan. Biroq kelganimdan atigi uch hafta o‘tib, pandemiya sababli qat’iy karantin choralari e’lon qilindi. Darslarimiz to‘liq onlayn shaklga o‘tkazildi va bu holat 2021-yilning aprel oyi oxirigacha davom etdi.
Bu davr moslashuv jarayonidagi eng murakkab bosqichga aylangan. Yaqinlarimdan uzoqda ekanligim va yangi muhitga endigina ko‘nika boshlagan paytimda, karantin tufayli tashqi dunyodan uzilib qolish ruhiy holatimga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.
Shunga qaramay, izolyatsiyada qolib ketmaslik uchun doimo faol bo‘lishga harakat qildim. Xonadoshlarim turli davlatlardan kelgan talabalar bo‘lgani bu vaziyatdan oson chiqib ketishimga yordam berdi. Birgalikda ovqat tayyorlash, milliy taomlar bilan almashish va uzoq davom etgan kechki suhbatlar o‘sha murakkab davrda menga katta dalda bo‘ldi.


Foto: Shirin Ro‘zimatovaning shaxsiy arxividan
Umuman olganda, Vengriya muhitiga moslashishim kutilganidan ancha oson kechdi. Sababi, bu yerning madaniyati va odamlarning muomalasi o‘zbek mentalitetiga ma’lum darajada yaqin ekan.
Eng katta qiyinchilik baribir kundalik hayotning eng oddiy qismi ovqatlanish bilan bog‘liq bo‘lgan, dastlab uy ovqatlarini va o‘zimizning milliy mahsulotlarni juda sog‘indim.
Talabalik hayotim esa juda jo‘shqin o‘tgan. Shahar ko‘p millatli bo‘lgani uchun doim yangi tanishlar, qiziqarli tadbirlar va unutilmas tajribalar markazida bo‘ldim. Quvonarlisi, bugungi kunda xalqaro talabalar uchun yirik kompaniyalarda amaliyot o‘tash imkoniyatlari yanada kengayib borayotganini ijobiy o‘zgarish, deb bilaman.
Vengriyadagi kundalik hayot va xarajatlar
Budapeshtda talabalarning yashash xarajatlari turmush tarzi va tanlangan sharoitga qarab sezilarli darajada farqlanadi. Mening tajribamda xarajatlar quyidagicha taqsimlandi:
Turar joy: eng katta xarajat aynan ijaraga to‘g‘ri keladi. Xususiy kvartiralarning ijara narxi o‘rtacha 300 yevro atrofida bo‘lsa, talabalar yotoqxonasida yashash ancha arzon, taxminan, 150−200 yevro. Narxlar shahar tumaniga ham bog‘liq. Budapesht ikki qismdan, Buda va Peshtdan iborat. Pesht tarafda, ayniqsa shahar markaziga yaqin hududlarda ijara qimmatroq hisoblanadi.
Oziq-ovqat: uyda ovqat tayyorlash sharti bilan oyiga taxminan 300−350 yevro sarflanadi. Qiziqarli jihati shundaki, oziq-ovqat narxlari O‘zbekistondagi narxlar bilan deyarli bir xil.
Transport: Budapeshtda jamoat transporti juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Men asosan metro, tramvay va avtobuslardan foydalanardim. Talabalar uchun oylik transport abonementi juda hamyonbop taxminan 10 yevro. Imtiyozsiz oddiy oylik chipta esa 23−25 yevro atrofida turadi.
Kiyim-kechak: Budapeshtda biz o‘rgangan an’anaviy bozorlar yo‘q, asosiy savdo markazlarida amalga oshiriladi. Men ortiqcha xarajat qilmaslik uchun faqat zaruriy va mavsumiy kiyimlarni xarid qilaman. Bu maqsadlar uchun oyiga taxminan 100−130 yevro, ba’zan undan ham kamroq sarflanadi.
Hordiq va ijtimoiy hayot: madaniy hordiq uchun ko‘p mablag‘ sarflash shart emas. Masalan, turli guruhlar bilan tog‘larga bepul sayohat qilish yoki qiziqishlarga ko‘ra bepul kurslarga qo‘shilish mumkin. Do‘stlar bilan aylanish, kinoga borish va haftada bir marta kafeda ovqatlanish uchun oyiga o‘rtacha 90 yevro kifoya qiladi.

Foto: Shirin Ro‘zimatovaning shaxsiy arxividan
Kasbiy rivojlanish
Vengriyada xalqaro talabalar o‘qishni tamomlagach, mamlakatda qolib ishlashlari uchun bir qator imkoniyatlar mavjud. Ulardan eng keng tarqalgani — Job Seeking Residence Permit olish. Bu bitiruvchilarga 9 oy davomida mamlakatda qolib, o‘z mutaxassisliklariga mos ish izlash imkonini beradi. Ish topilgach, ushbu hujjat mehnat faoliyati asosidagi yashash ruxsatnomasiga o‘zgartiriladi.
Bundan tashqari, IT, moliya va muhandislik kabi sohalardagi yuqori malakali mutaxassislar uchun EU Blue Card tizimi ham mavjud. Buning uchun oliy ma’lumot, rasmiy mehnat shartnomasi va belgilangan minimal ish haqi talab qilinadi. Bu ruxsatnoma nafaqat Vengriyada uzoq muddat ishlash, balki kelajakda YI ichida kengroq harakatlanish imkonini ham beradi.
Ko‘plab talabalar singari oliygohni tamomlash arafasida turli kompaniyalarga hujjat topshira boshladim va bir qancha yetakchi tashkilotlardan suhbatga chaqirildim. Saralash jarayoni bir necha bosqichdan iborat bo‘ldi:
— HR menejer bilan dastlabki suhbat;
— Hiring Manager tomonidan berilgan professional test va vazifalar;
— bo‘lim rahbari bilan texnik ko‘nikmalar haqida yakuniy intervyu.
Bir nechta takliflar orasidan men Citibank’ni tanladim va faoliyatimni IT Biznes-analitik sifatida boshladim. Asosiy vazifalarim moliyaviy ma’lumotlarni tahlil qilish, Excel va ichki dasturlar orqali hisobotlar tayyorlash hamda turli bo‘limlar uchun analitik xulosalar ishlab chiqishdan iborat edi.
CitiBank’dagi tajribam katta hajmdagi ma’lumotlar bilan ishlash, bosim ostida aniq qaror qabul qilish hamda xalqaro jamoalarda samarali muloqot qilish kabi muhim ko‘nikmalarni berdi. Bu esa keyinchalik moliya tahlilchisi sifatidagi faoliyatimni yanada yuqori bosqichga olib chiqishim uchun mustahkam poydevor bo‘ldi.
Morgan Stanley’ga ishga kirish
Ikki yillik tajriba va ahil jamoadagi faoliyatimdan so‘ng, professional rivojlanish maqsadida o‘zimni yangi marralarda sinab ko‘rishga qaror qildim. Natijada bir nechta nufuzli tashkilotlar qatorida Morgan Stanley kompaniyasidan ham taklif oldim.
Ishga qabul qilinish jarayoni bir necha bosqichli suhbatlardan iborat bo‘ldi. Dastlab HR mutaxassislari bilan tajribam va qadriyatlarim kompaniyaga qanchalik mos kelishi haqida suhbatlashdik. Navbatdagi bosqichda Budapeshtdagi jamoa bilan bevosita ish jarayoniga oid savol-javoblar va real keyslar ustida ishladik.
Eng mas’uliyatli qism esa Nyu-Yorkdagi global jamoa bilan o‘tkazilgan intervyu bo‘ldi: unda muammolarga yechim topish va global muhitda ishlash qobiliyatimga urg‘u berildi.
Yakuniy bosqichda Nyu-Yorkdagi HR-menejer bilan kelajakdagi vazifalarim va kompaniya kutilmalari haqida gaplashib, mehnat shartlari, maosh hamda bonuslar bo‘yicha kelishuvga erishdik. Shunday qilib, global jamoaning bir qismiga aylandim.
Nega aynan bu bank?
Morgan Stanley bankini tanlashimga asosiy sabab — uning Budapeshtdagi ofisida IT va moliya yo‘nalishlari uyg‘unlashgan imkoniyatlarning kengligi hamda investitsiya bankingi muhitini yaqindan o‘rganish istagim bo‘ldi.
Tan olish kerak, faoliyatimning ilk davrlarida tajribali menejerlar davrasida o‘tirib, o‘zimga: “Rostdan ham men shu yerdamanmi?”, degan savolni ko‘p berardim. Vaqt o‘tishi bilan bu hayrat professional ishonchga aylandi. Bu yerda inson o‘zini yangidan kashf qiladi — mentorlik dasturlari va doimiy treninglar esa bu o‘sishni muntazam qo‘llab-quvvatlaydi.
Hozirda ushbu kompaniyada bankning Moliyaviy rejalashtirish va tahlil departamentida Biznes-analitik sifatida faoliyat yurityapman. Asosiy vazifam bankning murakkab iqtisodiy sharoitlarga chidamliligini baholashga qaratilgan CCAR jarayonlarini takomillashtirishdir.


Foto: Shirin Ro‘zimatovaning shaxsiy arxividan
Oylik maosh va bonuslar
Xalqaro investitsiya banklarida, xususan, Morgan Stanley’da mutaxassislar daromadi yagona kompensatsiya tizimiga asoslanadi. Budapesht va Markaziy Yevropa moliya markazlarida tahlilchilarning yillik daromadi odatda uchta asosiy qismdan shakllanadi.
Asosiy maosh. So‘nggi ko‘rsatkichlarga ko‘ra, tajriba va mas’uliyat darajasiga qarab yillik asosiy ish haqi o‘rtacha 45 000−75 000 yevroni tashkil etadi.
Yillik bonuslar. Maoshning 10% dan 30% gacha bo‘lgan qismini qamrab oladi. Bonus miqdori bevosita shaxsiy natijalar, jamoaviy yutuqlar va kompaniyaning umumiy moliyaviy ko‘rsatkichlariga bog‘liq.
Qo‘shimcha imtiyozlar. Bunga uzoq muddatli rag‘batlantirish dasturlari va ijtimoiy paketlar kiradi.
Ushbu tizim mutaxassisni doimiy ravishda o‘z natijalarini yaxshilashga va kompaniyaning strategik maqsadlariga hissa qo‘shishga undaydi.
Kelgusi rejalar
Chet elda o‘qish hayotga bo‘lgan qarashlarni o‘zgartiradi. Bu nafaqat yangi bilim olish, balki mustaqil hayotga ko‘nikish, turli madaniyat vakillari bilan muloqot qilish hamda yangi tizimda ishlashni o‘rganish demakdir. Stipendium Hungaricum kabi dasturlar Yevropaning markazida xalqaro aloqalar o‘rnatish uchun yaxshi imkoniyat beradi.
Uzoq muddatli rejamda dunyoning kuchli biznes maktablaridan biri — Wharton Business School’da o‘qish maqsadi bor. Bu strategik boshqaruv ko‘nikmalarimni oshirish uchun zarur. Hozirda moliyaviy ma’lumotlar muhandisligi yo‘nalishida chuqurlashishni rejalashtirganman.
Moliya va texnologiya kesishgan ushbu yo‘nalishda yirik hajmdagi ma’lumotlar bilan ishlash hamda tahliliy tizimlar yaratish bugungi kunda yuqori talabga ega.
Keyingi 5−10 yil ichida o‘zimni moliya va IT sohasini birlashtirgan innovatsion loyihalar ustida ishlaydigan xalqaro mutaxassis sifatida ko‘raman. Shuningdek, moliya sohasida o‘zbek qizlarining ham professional o‘rniga ega bo‘lishi va safimiz kengayishi tarafdoriman.



