Qarshi shahrida tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasi aniqlandi. Bu haqda O‘zenergoinspeksiya matbuot xizmati xabar berdi.
Bosh prokuratura shtabi tomonidan Qarshida nazorat tadbiri o‘tkazilib, A. X. O. korxonasiga qarashli metan “zapravka"da 2 ta kompressor qurilmasi orqali tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani ma’lum bo‘ldi.
Mazkur qoidabuzarlik natijasida, gaz ta’minoti korxonasiga 1,65 mlrd so‘mlik zarar yetkazilganligi ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, Bosh prokuratura shtabi tomonidan Marg‘ilon shahrida o‘tkazilgan nazorat tadbirida B.B.B. korxonasiga qarashli binoning elektr qurilmalari hisoblagichdan tashqari tarmoqqa ulanib, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelayotganligi aniqlandi. Natijada, elektr ta’minoti korxonasi 1,84 mlrd so‘mlik zarar ko‘rdi.
Yangi Namangan tumanidagi I.Q.M.S. korxonasiga qarashli umumiy ovqatlanish oshxonasi esa loyiha-texnik hujjatlarisiz, gaz so‘rg‘ich qurilmalari orqali gazdan noqonuniy foydalanib, 387,6 mln so‘mlik zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.
Avvalroq Spot Qoraqalpog‘istonda gaz to‘ldirish qoidalarini buzgan metan “zapravka” litsenziyasi bekor qilingani haqida yozgan edi.