Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov 29-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida P2P-o‘tkazmalarini tartibga solish masalasiga izoh berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, regulyator kartadan kartaga o‘tkazmalar nazorati borasida muntazam o‘z pozitsiyasini bildirib keladi. Markaziy bank vazifasi “Bank siri to‘g‘risida"gi qonunga rioya qilgan holda bu yo‘nalishdagi masalalarga yechim topishdir.
“Shuni tushunish kerak-ki, P2P-o‘tkazmalari — bu odamlarga bir-biriga [pul o‘tkazishda] qulaylik yaratish maqsadida savdo bilan bog‘liq bo‘lmagan, ya’ni maishiy tranzaksiyalar uchun taklif qilingan instrument. Aslida esa ayrim qatlam vakillari undan biznes maqsadlarida foydalanmoqda. Siz ham do‘konga kirib, to‘lov qilmoqchi bo‘lsangiz, „kartamga tashlab ber“ deganini ko‘rgansiz. Buni hamma biladi. Shuning uchun ham davlat tomonidan P2P-o‘tkazmalarini monitoring qilish doimiy dolzarb masaladir”, — dedi Timur Ishmetov.
Markaziy bank raisining qayd etishicha, nazorat borasidagi xavotirlar asossiz. Chunki soliq organlari yoki boshqa davlat idoralarining noqonuniy operatsiyalarni monitoring qilish, ularga qarshi kurashish jarayonlari — bu ularning tabiiy funksiyasi. Har qanday shakldagi nazorat ishlari esa noqonuniy amaliyotlar bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni xavotirga solishi kerak, bu qonun doirasidagi harakatlarga ta’sir qilmaydi.
Shu bilan birga, noqonuniy amaliyotlar monitoringi shu paytgacha davom etayotgan jarayondir: moliya tashkilotlari, notariuslar va boshqa bir qator idoralar ma’lum bir mezonlarga javob beruvchi shubhali operatsiyalar bo‘yicha ma’lumotlarni tegishli idoraga taqdim etadi.
“Shu paytgacha buni siz ham, boshqalar ham sezmagan. U faqatgina haqiqatdan ham noqonuniy ishlayotgan odamlarga ta’sir qiladi va bu to‘g‘ri deb hisoblayman. Shuning uchun ham vahima qilishga asos yo‘q. Masalan, biron noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi biznes boshqa qonuniy ishlayotgan biznesga nisbatan o‘ziga ustunroq vaziyat yaratmoqda. Davlatning funksiyasi, mening fikrimcha, hammaga bir xil sharoit yaratishni ta’minlashdir”, — dedi Ishmetov.
U shubhali tranzaksiyalarga qarshi kurashish borasida davlat tashkilotlari bilan muntazam muloqotlar olib borilishini va ularda turli xil takliflar ko‘rib chiqilishini ta’kidlab, Markaziy bank “Bank siri to‘g‘risida"gi qonun normalariga zid bo‘lishi mumkin bo‘lgan mexanizmlar yuzasidan o‘z mulohazasini bildirishini qayd etdi.
Shuningdek, regulyator raisi qonunchilik doirasida barcha sohalarda tartib-intizomni takomillashtirib borish zarurligini bildirdi. Masalan, P2P-o‘tkazmalarini tartibga solishda ushbu instrumentning huquqiy ta’rifini belgilash, undan foydalanish maqsadlari hamda qo‘llash doirasini qonun bilan mustahkamlash mumkin.
Aprel oyida o‘tkazilgan taqdimotda prezident raqamli tahlil va sun’iy intellekt asosida “aqlli” nazorat tizimini joriy etish orqali 2026-yilda budjetga qo‘shimcha 30 trln so‘m tushumni ta’minlash zarurligini ko‘rsatib o‘tgandi. Bunga P2P operatsiyalarni monitoring qilish, tovarlarni markirovkalash, yuk tashishni avtomatik nazorat qilish va norasmiy bandlikni qisqartirish kabi mexanizmlar orqali erishish ko‘zda tutilgan.
Avvalroq Spot Markaziy bank raisi nima uchun asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldirilganiga izoh bergani haqida yozgan edi.