Qozog‘istonda pomidor importini vaqtincha taqiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi, deya xabar bermoqda EastFruit ElDala.kz'ga tayanib.
Taqiq Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lmagan davlatlardan yangi va sovutilgan pomidor importiga taalluqli hisoblanadi.
Qayd etilishicha, cheklov joriy yilning 1-iyuliga qadar joriy etilishi rejalashtirilgan.
Tegishli qaror 5-iyun kuni Tashqi savdo siyosati va xalqaro iqtisodiy tashkilotlarda ishtirok etish masalalari bo‘yicha idoralararo komissiya yig‘ilishida ma’qullandi.
Uni amalga oshirish doirasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi mamlakat hududiga pomidor olib kirish tartibini tartibga soluvchi buyruq loyihasini tayyorladi.
Hujjatga ko‘ra, cheklovlar uchinchi davlatlardan barcha turdagi transport vositalari orqali pomidor yetkazib berishga tatbiq etiladi.
Shu bilan birga, taqiq YOII davlatlaridan mahsulot importi, shuningdek, Qozog‘iston hududi orqali pomidorni tranzit tashishga ta’sir qilmaydi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligining ta’kidlashicha, vaqtinchalik chora mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, mahalliy mahsulotlarni ichki bozorda sotish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan.
Avvalroq Spot Rossiyada O‘zbekistondan keltirilgan deyarli 20 tonna zararlangan pomidor aniqlangani haqida yozgandi.
Ularda xavfli patogen — pomidor mevalarining jigarrang ajinlari virusi aniqlani sababli Rossiya hududiga olib kirish taqiqlangan.